Qiynoqqa solishning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Endilikda jinoyat ishini yuritish chog‘ida shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga tegishli qo‘shimchalar kiritish orqali shaxsni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilanmoqda. Tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida jarohat va shikastlanishlar aniqlangan taqdirda zudlik bilan prokurorga xabar berilishi tartibi o‘rnatilmoqda.

Muhokamalarda qonun loyihasi bo‘yicha bir qator savol va e’tirozlar bildirildi, tashabbuskorlarning javoblari eshitildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng ayrim atamalarga aniqlik kiritish maqsadida qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.  

M.Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech