Senatning yettinchi yalpi majlisi: “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonun ma'qullandi

11 sentyabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi o'z ishini boshladi, deb xabar bermoqda senat.uz sayti.

– Mana, 2020 yilning ham yarmidan ko'pi ortda qoldi, bu yil og'ir yil bo'lganini har safar ta'kidlamoqdamiz, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – Yil boshidan beri butun dunyoda bo'lgani kabi O'zbekiston uchun ham ko'p sinovlar bo'lyapti. Shunga qaramay, davlat ham, jamiyat ham butun kuchlarini koronavirus pandemiyasi va global inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga safarbar qildi va dadil aytishimiz mumkin bu vazifani muvafaqqiyatli amalga oshirmoqda.

Senatning yettinchi yalpi majlis kun tartibidagi birinchi masala – “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

“Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonunning qabul qilinishi hozirda amalda bo'lgan qonun hujjatlariga solishtirganda bu toifa hamyurtlarimizga qator yangi imtiyozlardan foydalanish imkonini  yaratmoqda.

Qonun kuchga kirishi bilan tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi,  murojaat qiluvchi 10 kalendar` kunida xulosani oladi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi.  Nogironligi bo'lgan shaxslar  ambulator va statsionar rejimida imtiyozli davolanadi. Protez-ortopediya anjomlariga bo'lgan ehtiyojlari qondiriladi.

Nogironligi bo'lgan shaxslar uchun binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yo'lakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus o'rindiqlar, tushib-chiqish uchun bekatlarda ularga sharoitlar yaratiladi. Ular uchun ta'lim olishning barcha bosqichlarida qulayliklar ko'zda tutiladi. Kasb-hunarga o'rgatish, kollej va texnikumlarda ta'lim olishlari davlat hisobidan  ta'minlanadi. Oliy ta'limda jami kontingentning 2 foizi miqdorida davlat grantlari ajratiladi.

Mahalliy hokimliklar nogironligi bo'lgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga mas'ul bo'ladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chog'ida yordam olish, shu jumladan uyida va yashash joyida xizmatlar ko'rsatilishi huquqi ta'minlanadi. 

Davlat nogironligi bo'lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo'llab-quvvatlaydi.

Ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. Parlament yuqori palatasi Raisi mazkur yo'nalishda amalga oshirilishi zarur bo'lgan jihatlarga urg'u berdi.

– “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonun haqiqatdan ham o'ta muhimdir, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – Mazkur yo'nalishda yillar davomida talaygina muammolar to'planib qolganini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu jumladan, nogironligi kundek ravshan bo'lgan insonlarni har safar qayta-qayta ko'rikdan o'tkazish, tekshirish amaliyoti ham yo'q emas. Qonunda bunday holatlarga yo'l qo'ymaslik, nogironlikni belgilash jarayonini soddalashtirish bo'yicha aniq normalar belgilanganini ham e'tirof etishimiz kerak.

Yana bir muhim masala, nogironligi bo'lgan shaxslar bilan ishlashda statistikani tartibga solish kerak. Nogironlik masalasini tahlil qilish, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy hayotga to'liq integratsiya qilish uchun bunday shaxslar, ularning soni, istiqomat qilayotgan hududlar, nogironlik darajasi hamda shu kabi muhim jihatlar to'g'risida aniq ma'lumotga va tasavvurga ega bo'lishimiz shart. Aks holda, amalga oshiriladigan ishlar to'liq bo'lmaydi, qaysidir qatlam, qaysidir insonlar e'tibordan chetda qolib ketaveradi.

Bundan tashqari, xalqaro mezonlardan kelib chiqib, mamlakatda nogironligi bor shaxslar uchun “to'siqsiz muhit”ni shakllantirishimiz lozim.

Bu borada muammolarimiz yetarlicha. Kundalik hayotimizda – transport, ovqatlanish shohobchalari, xizmat ko'rsatish ob'ektlari, madaniy-ko'ngilochar maskanlarda nogironligi bor shaxslar uchun zarur sharoitlar yaratilmaganiga ko'p duch kelamiz. Tabiiyki, bu ularning haqli e'tirozlariga sabab bo'lmoqda.

Qolaversa, nogironligi bor shaxslarni ijtimoiy hayotga integratsiya qilishga ustuvor ahamiyat qaratish kerak. Ular jamiyatning to'laqonli a'zosi ekanliklarini doimo his qilishlari lozim. Avvalo, bu masalaga jamiyat qarashini, munosabatini o'zgartirish kerak. Bu esa, ishni o'rta va uzoq muddatli, aniq strategiya va yo'nalishlarga asoslangan holda tashkil qilishni talab etadi. Bunda nafaqat tashkiliy-huquqiy, balki axloqiy mezonlarga ham ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq.

Ma'lumot uchun: hozirgi kunda O'zbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi bo'lgan shaxslar, shu jumladan 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo'lgan bolalar istiqomat qilmoqda.

BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek, “nogiron” so'zi o'rniga “nogironligi bo'lgan shaxs” atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi “Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlari to'g'risida”gi Qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillarining huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi.

Ushbu qonunni ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi  Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida ko'zda tutilgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech