Joriy yilning 12 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6041 sonli Farmoni mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari mas'ul xodimlari bilan birga Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshlig'i O.Q.Norboev ham ishtirok etdi.
O.Q.Norboev o'z chiqishida, O'zbekiston Respublikasi 1984 yil 10 dekabrda qabul qilingan va 1987 yil 26 iyundan e'tiboran kuchga kirgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi Konventsiya”ga 1995 yil 31 avgustdan boshlab ishtirokchi xisoblanishi, Konventsiya talablari xisobga olingan holda Jinoyat va Jinoyat-protsessual Kodekslari qabul qilinganligini ta'kidladi.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 oktyabrdagi “Sud tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5268-sonli Farmoni xususida alohida to'xtalar ekan, Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilganini ma'lum qildi.
Anjuman mavzusi xisoblangan Farmonda e'tibor berish lozim bo'lgan advokatning faoliyati (uning vakolatlarini oshirish) bilan bog'liq qoidalar haqida ham tushuntirish berildi.
Shuningdek, Farmon bilan mutasaddi idoralarga jinoyat ishining tergovga tegishliligi institutini yanada takomillashtirish bo'yicha qonun loyihasini tegishli muddatda ishlab chiqish va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bosh prokuratura, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish bo'yicha topshiriqlar berilgani aytib o'tildi.
Fuqarolar va jurnalistlardan tushgan savollarga tegishli javoblar berildi.
Inson huquqlari bo`yicha
O`zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
Jismoniy va Yuridik shaxslarning
murojaatlari bilan ishlash bo`limi
- Qo'shildi: 12.08.2020
- Ko'rishlar: 4248
- Chop etish