Sudlar tomonidan BMT konventsiyalari normalarining qo'llanilishi: nazariya va amaliyot

7 dekabr kuni Urganch shahrida “O'zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan BMT konventsiyalarining inson huquqlari to'g'risidagi normalari qo'llanilishi” mavzuida amaliy seminar bo'lib o'tdi.

Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Inson xuquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining boshqarma boshlig'i S.Alimardonov va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining Xalqaro hamkorlik bo'limi boshlig'i O.Ahmadov seminar ishtirokchilarini qutladi.

Ishtirokchilar sudlar tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llanilishi odil sudlovni ta'minlashda muhim masala hisoblanishini ta'kidlandi. O'zbekistonda inson huquqlarini rag'batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan hisoblanadi.

Oktyabr` oyida O'zbekiston tarixda ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillar uchun a'zo etib saylandi. Mazkur Kengashga a'zo bo'lish uchun O'zbekiston o'z zimmasiga olgan ixtiyoriy majburiyatlar orasida odil sudlov tizimini takomillashtirish masalasi ham bor.

Hozirgi kunda mamlakat sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarining qo'llanilishi bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O'zbekistonda, dunyoning boshqa davlatlarida bo'lgani kabi, sud`yalar inson huquqlari himoyasining kafilidir. Ular fuqarolar oldida hisobdor bo'lib, tegishli milliy va xalqaro qonunchilik talablari, shuningdek axloq-adob mezonlari asosida o'z faoliyatida yuksak darajadagi shaffoflikni ta'minlashga majbur.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan «Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida»gi farmoni talablariga ko'ra, sud inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarining sudlar amaliyotida qo'llanilishini yanada kengaytirishga qaratilgan barcha zarur choralarni ko'rishi lozim.

So'zga chiqqanlar milliy sudlar tomonidan BMT konventsiyalari normalarini sud hujjatlarida qo'llashga doir samarali mexanizmning joriy etilishi, o'z navbatida, sud tizimi mustaqilligini yanada mustahkamlash va sud hokimiyati nufuzini oshirishga xizmat qiladi, degan fikrlarni bildirdilar.

Seminar davomida individual murojatlar bilan ish olib borish amaliyoti ham ko'rib chiqildi. BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasiga kelib tushgan murojatlarni qayta ko'rib chiqish tajribasi muhokama qilindi.

Mamlakat sudlari tomonidan inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar normalarini qo'llash zarurati haqida atroflicha fikr yuritildi. Xususan, Qiynoqlarga qarshi konventsiya qoidalarini milliy sudlar qarorlarida qo'llash bo'yicha chet el tajribasi tahlil etildi.

Sudlar tomonidan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya normalarini qo'llash amaliyotiga doir muhim dalillar ham seminar ishtirokchilarini befarq qoldirmadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech