Joriy yilning 31 mayidan 4 iyunga qadar Turkiya ko‘zi ojizlar federatsiyasi a’zolaridan tashkil topgan delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsad butunjahon ko‘zi ojizlar jamiyatlari o‘rtasida ijtimoiy aloqalarni shakllantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlarni atroflicha o‘rganish va bu sohada amalga oshirilayotgan ijobiy tajribalar bilan o‘rtoqlashishdan iborat bo‘ldi.
Mehmonlar dastlab Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Samarqand shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan tanishdi.
So‘ng Samarqand shahridagi 59-sonli “Nurli maskan” ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatiga borib, u yerdagi o‘qituvchi va o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoit, imkoniyatlar hamda davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik hamda e’tibor xususida fikr almashdi.
Safar chog‘ida Samarqand viloyatidagi “O‘quv-ishlab chiqarish korxonasi” MCHJ ishchi-xizmatchilari bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishtirildi.
Turkiya delegatsiyasi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi raisi Ergash Norpo‘latov bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng mehmonlarni Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishtirish maqsadida “Dizayn-Print” va “Cho‘tka” korxonalariga taklif etildi.
Shuningdek, mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati bilan ham tanishib, Toshkent shahridagi tarixiy va zamonaviy obidalarga sayohat qildi.
Tashrif davomida bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi va ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Turkiya Respublikasi Ko‘zi ojizlar federatsiyasi delegatsiyasi va O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi apparati xodimlari, hududiy bo‘lim rahbarlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan rasmiy uchrashuvlar va muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
N.Rahmonova,
O‘zA
- Qo'shildi: 06.06.2024
- Ko'rishlar: 1546
- Chop etish