AOKAda Biznes-ombudsman devoni tomonidan 2024 yilda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida olib borilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda Biznes-ombudsman axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, o‘tgan yil davomida tadbirkorlardan 9 ming 127 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, murojaatlarning 51 foizi bo‘yicha tadbirkorning huquqlari tiklandi, qolganlari bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan.
Kelib tushgan murojaatlar xususiyatlari bo‘yicha tahlil etilganda asosan soliq, yer, kadastr va arxitektura, bank, kredit, tekshiruvlar, sud qarori ijrosi va boshqa masalalarga oid murojaatlar hisoblanadi.
Bundan tashqari, yil davomida “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari kechayu kunduz qabul qilinib, hal etish choralari ko‘rildi.
Murojaatlar asosida tadbirkorlarga 34,5 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratilishida, 17 milliard so‘m pul mablag‘ini undirishda va 15,5 milliard so‘m miqdorida asossiz to‘langan soliq mablag‘i qaytarilishida yordam ko‘rsatildi. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 13 foizi muddati buzilgan.
Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 16 ta taqdimnoma kiritildi, 144 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. 85 nafar mas’ul xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha Biznes-ombudsman devoni tomonidan 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shu jumladan, 4 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni va 2 ta Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqildi.
832 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ular bo‘yicha 784 ta taklif va e’tirozlar yuborilgan.
Yil davomida tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunchilik ijrosi bo‘yicha 7 ta nazorat organida o‘rganish o‘tkazilgan.
O‘rganishda aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 7 ta taqdimnoma kiritilgan, mas’ul shaxslarning 551 nafariga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 37 nafariga intizomiy jazo qo‘llanilgan.
O‘tgan yil davomida Biznes-ombudsmanga tadbirkorlar faoliyatida tekshiruv o‘tkazishni kelishish uchun 5 ming 125 ta buyurtma kiritilgan bo‘lib, shundan 2 196 tasi kelishilgan va 2 ming 929 tasi qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagani sababli rad etilgan.
Tekshiruvlar qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 929 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish borasida 2024 yil davomida jami 2 ming 580 ta ta’sir chorasi, shundan 58 ta da’vo arizasi (shikoyat), 74 ta taqdimnoma, 147 ta xulosa, 35 ta ogohnoma kiritilgan va 2 ming 266 ta ma’muriy jazo qo‘llanilgan.
Natijada, hisobot davrida sudlar tomonidan 16,6 milliard so‘mlik da’vo tadbirkorlar foydasiga hal etilgan, 118 ta qaror bekor qilingan va 100 nafardan ortiq mas’ulga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
- Qo'shildi: 10.01.2025
- Ko'rishlar: 514
- Chop etish