Parijda “WomenInTech” Global Jahon texnologiya hamjamiyatining xalqaro sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammitning eng muhim voqealardan biri – O‘zbekistonning ilk ishtiroki bo‘ldi.
Sammitning maqsadi ishtirokchilar uchun fikr va tajriba almashishda muhim platforma yaratishdan iborat. Panel muhokamalari, taqdimotlar va tarmoq imkoniyatlari orqali tadbir yetakchi ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, inklyuzivlikni rag‘batlantirish va texnologik landshaftda ijobiy o‘zgarishlarni rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, unda 50 dan ortiq davlatdan 450 nafar delegatsiya vakillari hamda 70 nafar ma’ruzachi ishtirok etdi.
Sammitda O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi va Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova “Beyond Glass Ceilings: Women in Tech Leadership” (Ko‘rinmas to‘siqlar ortida texnologiyada ayollar yetakchiligi) mavzusiga bag‘ishlangan panel muhokamalarida ishtirok etdi.
O‘z nutqida K.Sobirova mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratilishi davlat siyosatiga aylantirilgani hamda xotin-qizlarni aynan STEM kasblariga jalb qilishda vazirlik kesimida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
O‘zbekiston “WomenInTech” tashkilotiga 2023 yilning mart oyida a’zo bo‘lishi va 2024 yilga kelib ushbu tadbirda ilk bor ishtirok etishi uning global texnologiya sohasida erishgan nufuzi va ahamiyatidan darak beradi.
Tadbirning ikkinchi kunida “Sinov” mobil VR ilovasini yaratgan o‘zbekistonlik ITchi qizlar ishtirokida tayyorlangan “Ayol yo‘li” videosi sammit qatnashchilariga taqdim etildi. “Sinov” loyihasining ishtirokchilaridan biri Gulnoza Abdurashidova ham panel muhokamasida qatnashib, o‘z tajribasini bo‘lishdi.
Ma’lumot uchun: 2018 yilda tashkil etilgan “WomenInTech” tashkiloti 2030 yilga qadar 5 million xotin-qizlarni texnologiya olamiga jalb qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 179 mamlakatdan 9000 dan ortiq elchilar va 80 ming texnik ekspertlar bilan tarmoqni kengaytirib bormoqda.
O‘zbekiston uchun “WomenInTech” sammitida ishtirok etish katta istiqbolga ega. Mamlakat o‘zining raqamli infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsiyalarni yuksaltirishga intilayotgani sababli bunday tadbirlar mamlakatning IT salohiyatini targ‘ib qilish orqali xalqaro platformada xorijiy IT kompaniyalari uchun O‘zbekiston IT potensiali jozibadorligini oshirish, bilim almashish, tarmoq va hamkorlik uchun imkoniyatlar yaratadi.
E’tiborli jihati, tadbir yakunida “Women in Tech CCA Awards” sammitini joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasi ilgari surildi.
O‘zA
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 1389
- Chop etish