21 dekabr kuni "Pandemiya davrida OAVga doir qonunchilik" mavzuida xalqaro onlayn-konferentsiya bo'lib o'tdi.
“Iqtisodiyot oliy maktabi” Milliy tadqiqot universitetining "Mualliflik huquqi, tutashgan, madaniy va axborot huquqlari bo'yicha UNESCO kafedrasi" xalqaro ilmiy-ma'rifiy markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu an'anaviy ilmiy-amaliy anjuman Rossiya Federatsiyasining 1991 yil 27 dekabrda "Ommaviy axborot vositalari to'g'risida"gi qonuni qabul qilingan sanaga bag'ishlandi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va ma'ruza qildi.
Akademik A.Saidov ta'kidlaganidek, biz yashayotgan XXI asr – bu tom ma'noda global axborot jamiyati shiddat bilan shakllanib borayotgan axborot asridir. Bugun axborot jamiyat taraqqiyotining bosh omili sifatida namoyon bo'lmoqda. Axborot va bilim eng muhim milliy va dunyoviy boylikka, ularni yaratish va tarqatishni ta'minlaydigan tizimlar esa, barqaror rivojlanishning strategik omillariga aylanmoqda.
Fikr va so'z erkinligi har qanday demokratiyaning jon tomiridir. Fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi hamda uni ifodalash insonning eng muhim huquqlaridan biri hisoblanadi. Ammo, demokratiya va so'z erkinligi – bu istalgan narsani qonunga xilof ravishda, hech qanday mas'uliyatni his qilmasdan aytaverish degani emas. Bu, avvalo, katta mas'uliyatdir.
Ayniqsa, COVID-19 haqidagi noto'g'ri va chalg'ituvchi ma'lumotlar koronavirusdan ham xavflidir. Shuni e'tiborga olgan holda, ilg'or xalqaro tajriba va xorijiy amaliyotga tayanib, O'zbekistonda, bir tomondan, soxta axborotlarga raddiyalar uchun mo'ljallangan bir qator yangi Internet saytlari tashkil etilgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi qonunchilik yanada takomillashtirilmoqda.
Onlayn-konferentsiya ishida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV bo'yicha ekspertlari, Xitoy, AQSH, Frantsiya, Italiya, Finlyandiya hamda Irlandiya mamlakatlarining atoqli olimlari, Rossiya Federatsiyasining "Ommaviy axborot vositalari to'g'risida"gi qonuni mualliflari va taniqli huquqshunoslar, huquq amaliyotchilari, ommaviy kommunikatsiyalar bo'yicha mutaxassislar, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining iqtisoslashgan qo'mita va komissiyalari a'zolari, ijro hokimiyatining federal organlari namoyandalari qatnashdi.
Shuningdek, tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengash, Rossiya Federatsiyasi Jamoat palatasi, Advokatlar federal palatasi, Rossiya Mualliflar jamiyati va Jurnalistlar uyushmasi vakillari, oliy o'quv yurtlari talabalari, aspirantlari va tadqiqotchilari, shuningdek OAV xodimlari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.12.2020
- Ko'rishlar: 3614
- Chop etish