Yevropa Ittifoqi, AQSH, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Janubiy Koreya, Shveysariya, Sharqiy Timor va Buyuk Britaniya harbiy guruhlar tomonidan boshqarilayotgan Myanmada inson huquqlari poymol etilishi va gumanitar vaziyat yomonlashuvidan chuqur xavotir bildirdi.
Qo‘shma bayonotda mamlakatdagi inqiroz kuchayib borayotganiga e’tibor qaratilib, davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga kelgan guruh tomonidan xalqqa nisbatan zo‘ravonlik va bosimning qabul qilinmasligi ta’kidlangan.
“Anadolu”ning yozishicha, o‘lkada tinch aholiga nisbatan inson huquqlari buzilishi, jumladan, bolalar, etnik va diniy ozchiliklar vakillari o‘g‘irlanishi kuzatilmoqda. Arakan shtatida esa Rohinja musulmonlari qattiq tazyiq ostida.
— Barcha zo‘ravonliklarni qoralovchi davlatlar o‘zboshimchalik bilan hibsga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi, — deyiladi bayonot matnida. — Biz Rohinja musulmonlari duch keladigan kamsitish va haqoratlarga qarshi kurash Myanmadagi inqiroz — siyosiy yechimning bir qismi bo‘lishi kerakligini ta’kidlaymiz.
Shuningdek, bayonotda vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish va inklyuziv demokratiya yo‘liga qaytish uchun “samimiy va konstruktiv muloqot”ga chaqirilgan.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA
- Qo'shildi: 08.01.2025
- Ko'rishlar: 500
- Chop etish