Bugun dunyoda yoshlar ikki millarddan ko'pchilikni tashkil qilmoqda. Bu aksariyat mamlakatlarda, jumladan O'zbekistonda ham, aholining o'sib boradigan katta qismi yoshlardan iborat, deganidir. Kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo'lishi uchun yangi g'oyalar va ijodiy ruhdagi sa'y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir.
Shuning uchun ham yoshlarning huquq va erkinliklarini,himoya qilish va amalga oshirishni ta'minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ammo, ushbu sohada majburiy mazmunga ega muayyan xalqaro hujjat haligacha qabul qilinmagan. Shu bilan birga, aholining yoshlar qismiga kimlar mansubligini aniqlash bo'yicha xalqaro mezonlarni ishlab chiqish zaruriyati mavjud.
“Xalqaro yoshlar kuni”da Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan “Yoshlar 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” mavzusida Samarqand forumi dunyo yoshlarini birlashtirdi.
Davlatimiz rahbari jahon yoshlariga yo'llagan tabrigida, “Hozirgi zamonda intellektual va ma'naviy yetuk, tashabbuskor yoshlar barqaror taraqqiyotning drayveriga aylanmoqda. Bugungi kunda yangi O'zbekiston yoshlari – mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan jadal va keng ko'lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi bo'lib maydonga chiqmoqda”, deb e'tirof etdilar.
Mamlakatimiz aholisining 60 foizidan ziyodini tashkil etadigan yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi etib belgilangan.
So'ngi yillarda yosh avlodni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va uyg'un rivojlantirishga qaratilgan bir qator qonunlar, Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilinib, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo'yicha idoralararo kengash tashkil etildi. Shuningdek, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari o'z faolitiyatini boshlamoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan “O'zbekiston yoshlari – 2025” kontseptsiyasi ishlab chiqilmoqda, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari, yoshlar siyosatini baholashning milliy indeksi joriy etilmoqda.
Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala bo'lib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng ko'lamli chora-tadbirlar ko'rilishini talab etadigan ko'plab muammolarga to'qnash keldi.
Samarqand forumida “yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimligi, ularning dolzarb ehtiyojlarini ta'minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarurligi” aloxida ta'kidlandi.
Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning qabul qilinishi muhim ahamiyatga egadir. Mazkur Konventsiya – tom ma'nodagi yangi hujjat bo'lib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida e'tirof etilishi zarur bo'lgan huquqlari o'z aksini topgan, ularning manfaatlarini himoya qilish, o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Navqiron avlodning hozirgi zamonda dunyo miqyosida e'tirof etilishi zarur bo'lgan huquqlari o'z aksini topgan mazkur tom ma'nodagi yangi hujjatning muhokamasi Samarqand forumining eng muhim voqealaridan biri hisoblanadi. Shu ma'noda, yoshlar salohiyatini munosib baholash imkonini beradigan ushbu Konventsiya kelgusida yosh avlod hayotiga doir ko'plab yo'nalishlarning yanada shiddatli rivojlanishi uchun xizmat qilishi shubhasiz.
Gullola Usmonova,
Andijon viloyati,
Izboskan tumani,
1-o'rta maktab
o'qituvchisi
- Qo'shildi: 17.08.2020
- Ko'rishlar: 4190
- Chop etish