Joriy yil 5-dekabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini yangicha yondashuvlar asosida takomillashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tuzilmasida Bolalar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etildi. Bundan tashqari, mazkur Boshqarmaga ichki ishlar organlaridan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari shtati o‘tkazildi.
Shu bilan birga, yangi tashkil etilgan lavozimlar, shu jumladan inspektor-psixologlar va bolalar bilan ishlash bo‘yicha inspektor-psixologlar faoliyati transformatsiyasi jarayonida ularning vakolatlarini aniqlashtirish uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritishni taqozo etmoqda.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni, shu jumladan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini isteʼmol qilganlik, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishga hamda jarima tariqasidagi maʼmuriy jazo choralarini qo‘llashga doir vakolatlarini mustahkamlovchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonun ham muhokama qilindi
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga egaligi, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno ekanligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi Farmonida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida belgilangan mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi to‘liq ro‘yobga chiqarilishini taʼminlash maqsadida “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishlari tartibini belgilovchi qonun loyihasini ishlab chiqilishi lozimligi belgilangan.
Shu bois Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi tomonidan qonun qabul qilindi.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishlari hamda ularni yashash va turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi asosiy prinsiplar hamda tushunchalar belgilanmoqda.
Senatorlar taklif etilayotgan Qonun bilan fuqarolarning erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash bo‘yicha huquqlari mustahkamlanib, u huquqni qo‘llash amaliyotida hamda fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi haqidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ortiqcha byurokratik hamda korrupsiyaviy holatlarning oldi olinishiga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi.
Muhokama yakuni bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 06.12.2024
- Ko'rishlar: 683
- Chop etish