1948 yil 10 dekabr insoniyat tarixida inson qadrini eng yuqori nuqtaga ko'tarish uchun tashlangan ilk qadam sifatida muhrlandi. Ushbu kunda butun dunyo hamjamiyatini tinchlik yo'lida birlashtirgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilindi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi har bir inson irqi, tana rangi, dini, jinsi, tili, siyosiy yoki boshqa e'tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat'i nazar, inson sifatida qabul qilinishi kabi ajralmas huquqlarini e'lon qiluvchi muhim hujjatdir. Bu hujjat dunyoning 500 ga yaqin tiliga tarjima qilingan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun 10 dekabr` esa Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida butun dunyoda nishonlanadi. 72 yildan beri ushbu sanada dunyoning deyarli barcha davlatlarida tantanali marosimlar, turli tadbirlar o'tkaziladi, shuningdek mamlakatlarning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlari sarhisob qilinadi, kelajakda amalga oshirilishi mo'ljallangan yangi maqsad va vazifalar belgilab olinadi.
2020 yilda dunyo xalqlari COVID-19 pandemiyasi bilan mardonavor kurashgani munosabati bilan bu yilgi Xalqaro inson huquqlari kuni pandemiyadan so'ng Inson huquqlarini ta'minlashni yanada samarali amalga oshirish shiori ostida nishonlanmoqda.
Aytish o'rinliki, pandemiya davrida O'zbekiston Respublikasi xalqi, hukumati, barcha davlat va nodavlat tashkilotlari yelkama-yelka turib, o'zaro hamjihatlikni namoyon qilmoqda. Ko'rilayotgan chora-tadbirlarda esa avvalo inson huquqlari kafolatlariga imkon darajasida putur yetkazmaslik, insoniy qadriyatlar ustuvorligi ta'minlash kabi tamoyillarga rioya etilmoqda.
Pandemiya davrida asosiy inson huquqlaridan bo'lmish ilm olish huquqi O'zbekistonning har bir fuqarosi uchun teledarslar orqali bo'lsa-da ta'minlandi. Insonlarning sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqi ham davlat va nodavlat tashkilotlarning hamkorligida ta'minlandi. Koronavirus bilan kasallanganlarning davolanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilib, kerakli dori-darmonlar uzluksiz yetkazib berilmoqda.
Pandemiya davrining murakkabliklariga qaramay, mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2020 yil 22 iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi. Milliy strategiya O'zbekiston Respublikasi uchun insoniy qadriyatlarni har bir fuqaro va respublikasi hududidagi har bir insonning huquqi ekanligini ta'minlashni nazarda tutuvchi yo'l xaritasi bo'lib xizmat qiladi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida O'zbekiston BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga ko'pchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylandi.
So'nggi to'rt yil mobaynida O'zbekiston Respublikasida olib borilgan izchil islohotlar ijtimoiy hayot, iqtisod, ma'orif bilan bir qatorda inson huquqlari sohasini ham qamrab oldi. Mamlakatimiz fuqarolari o'z faoliyatlarida bunday o'zgarishlarga guvoh bo'lib turgan bo'lsalar, dunyo hamjamiyati BMT Bosh Assambleyasining Inson huquqlari kengashiga O'zbekistonni tarixda ilk bora saylashi orqali guvohlik berdi. Inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko'rsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida topshiriladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etildi.
Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi dunyo yoshlari huquqlarini ta'minlash va ularni inson huquqlari bilan tanishtirish hamda yoshlar orasida inson huquqlari tushunchalarini keng targ'ib qilish va o'qitish uchun asosiy yo'nalishlarni belgilab berdi. Pandemiya sababli veb-forum formatida tashkil etilgan tadbirda BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Yevropa Kengashi kabi qator xalqaro tashkilotlar hamda O'zbekiston va o'n beshdan ziyod xorijiy mamlakatdan yetti yuz ellikdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Xulosa qilib aytganda, pandemiya xalqaro miqyosda inson huquqlarini himoya qilish tizimiga o'z ta'sirini ko'rsatdi. Davlat ham bu borada pandemiya sharoitlariga moslashishiga to'g'ri keldi. O'zbekiston esa murakkabliklarga qaramay, inson huquqlarini kafolatlash bo'yicha sezilarli yutuqlarga erisha oldi.
Nazira Raxmatillaeva,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali mutaxassisi
- Qo'shildi: 09.12.2020
- Ko'rishlar:
- Chop etish