Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining majlisi
1-sonli BAYoNNOMASI
2025 yil 27 fevral Toshkent shahri
Raislik qildi: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov
Ishtirok etdilar:
(onlayn va oflayn) Jamoatchilik kengashi a’zolari (ro‘yxat bo‘yicha), davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari hamda faol fuqarolik jamiyati vakillari, Millif markaz xodimlari.
KUN TARTIBI:
- Jamoatchilik kengashi tarkibi va nizomini tasdiqlash.
- Jamoatchilik kengashi raisi va kotibini tasdiqlash.
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazining 2024 yildagi faoliyati sarxisobi.
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi 2020-2024 yil: yutuqlar va istiqbollar.
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha Milliy strategiyasining loyixasi haqida.
Birinchi masala yuzasidan so‘zga chiqqan A. Saidov Jamoatchilik kengashi tarkibini tanishtirdi, shuningdek kengash ishini tartibga soluvchi Nizom loyihasi haqida ma’lumot berdi. Jamoatchilik kengashi davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lib, uning asosiy maqsadi inson huquqlarini himoya qilish, ommaviy xabardorlikni oshirish va tegishli takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Majlis ishtirokchilari ushbu tarkib va Nizom yuzasidan fikr-mulohazalar bildirishdi. Ular Jamoatchilik kengashi vakolatlarini kengaytirish, kengash a’zolarining inson huquqlarini himoya qilishdagi ishtiroki va faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirishdi. Ularning takliflari inobatga olingan holda, Jamoatchilik kengashi tarkibi va Nizomini tasdiqlash masalasi ovozga qo‘yildi va bir ovozdan tasdiqlandi.
Ikkinchi masala yuzasidan A. Saidov Jamoatchilik kengashi raisi va kotibligi lavozimlariga tavsiya etilgan nomzodlar haqida ma’lumot berdi. U mazkur lavozimlarga nomzodlarning kasbiy tajribasi va malakalariga alohida urg‘u berib, ularning Jamoatchilik kengashi faoliyatida samarali ish olib borishiga ishonch bildirdi.
Taqdim etilgan nomzodlar:
- Kengash raisligiga – O‘zbekiston Respublikasi Notarial Palatasi raisi Ashurov Dilshod Rustamovich
- Kengash kotibligiga – Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Yuldasheva Gavxarjan
Majlis davomida O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi Abdullaev Komil Qadamovich so‘zga chiqib, taqdim etilgan nomzodlar bilan yillar davomida samarali hamkorlik qilib kelinganini ta’kidladi. Shuningdek, u nomzodlarning kasbiy mahorati va tajribasi yuqori ekanligini qayd etib, ularning Jamoatchilik kengashi faoliyatiga qo‘shayotgan hissasiga ijobiy baho berdi.
Shundan so‘ng majlis ishtirokchilari nomzodlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, ularning mazkur lavozimlarga munosib ekanligini qayd etdilar. Natijada, taklif etilgan nomzodlar bir ovozdan tasdiqlandi.
Uchinchi masala yuzasidan A. Saidov Markazning 2024 yilda amalga oshirgan ishlari haqida batafsil axborot berdi. 2024 yil davomida BMT ustav va shartnomaviy organlari hamda boshqa xalqaro mexanizmlar tavsiyalarini bajarish maqsadida 6 ta Milliy harakatlar rejasining ijrosi monitoring qilinganini qayd etildi. Shuningdek, yil yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi Axborot-resurs markazi negizida “Inson huquqlari uyi” tashkil etilgani, bu yerda inson huquqlariga oid xalqaro va milliy me’yoriy hujjatlar, ilmiy tahlillar, sharhlar jamlangan kutubxona tashkil etilgani, ushbu maskan huquqiy bilimni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Majlis ishtirokchilari ushbu xisobotni ma’lumot uchun qabul qilishdi va Markaz faoliyatini yanada kengaytirishga doir tavsiyalarini bildirishdi.
To‘rtinchi masala yuzasidan A.Saidov majlis ishtirokchilariga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi (2020–2024 yillar)ni amalga oshirish jarayoni, erishilayotgan yutuqlar va kelgusi vazifalar haqida keng qamrovli ma’lumot taqdim etdi. Unda asosan mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash va xalqaro andozalarga mos huquqiy bazani rivojlantirish borasida kuzatilayotgan eng muhim natijalar, shuningdek, soha islohotlarining kelgusi istiqbollari haqida so‘z yuritildi.
Xususan, tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jahon tajribasini har tomonlama o‘rgangan holda hamda inson huquqlari sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida, 2020 yil 22 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmon imzolangan. Mazkur farmon asosida Milliy strategiyani hayotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ul idora sifatida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi belgilangan.
Milliy markaz tomonidan Strategiya bajarilishining har bir bosqichi tizimli monitoring qilinadi va natijalar bo‘yicha shakllantirilgan tahliliy ma’lumotlar o‘z vaqtida Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib boriladi. Bu, o‘z navbatida, shu sohada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, “yo‘l xaritasi” deb nomlangan aniq chora-tadbirlar rejasi Strategiyani to‘laqonli amalga oshirishda muhim vosita sifatida e’tirof etilgan. Mazkur “yo‘l xaritasi” doirasida 78 ta vazifadan 69 tasi (88%) to‘liq bajarilgan, 2 ta vazifa (3%) nazoratdan chiqarilgan (ya’ni, belgilangan talablarga muvofiq uddalangan), qolgan 7 ta vazifa (9%) bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich davom etmoqda.
Shu bilan birga, 2020–2024 yillarda inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan 58 ta qonun, Prezident tomonidan imzolangan 57 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 29 ta qaror mamlakatimizda inson huquqlarining to‘laqonli ta’minlanishi yo‘lida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi. Bu hujjatlar zamonaviy xalqaro mezonlar va mamlakatimizdagi islohotlar nigohi bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, ular inson huquqlarini ta’minlash mexanizmini yanada mustahkamlash, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa manfaatdor idoralar faoliyatini takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Yig‘ilish yakunida majlis ishtirokchilari tomonidan Milliy strategiya doirasidagi islohotlarni davom ettirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va aholi o‘rtasida inson huquqlariga nisbatan huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etish lozimligi alohida qayd etildi. Shu bilan birga, “yo‘l xaritasi” da qolgan vazifalarni bajarish jarayonini jadallashtirish va amalga oshirilayotgan choralar sifati hamda samaradorligini muntazam nazorat qilib borish muhim ekanligi ta’kidlandi.
Beshinchi masala yuzasidan A. Saidov majlis ishtirokchilariga Markaz tomonidan tayyorlanayotgan “Inson huquqlari bo‘yicha o‘zbekiston respublikasining 2030 yilgacha milliy strategiyasining loyixasi” yuzasidan qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-16-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi bo‘yicha 2025 yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxatining 26-bandida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli milliy strategiyani tasdiqlashga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha vazifa belgilangan.
Mazkur masala yuzasidan majlis ishtirokchilari muxokamalarda qatnashishdi.
Ishtirokchilardan O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Isakov Oybek Yusufbekovich ikki savol bilan murojaat qildi.
Birinchi savol. Ilgari qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha strategiyada Tadbirkorlik kodeksi va NNTlar Kodeksi ishlab chiqilishi kutilgan edi, biroq hozircha qabul qilinmagan. Yangi strategiyada ushbu kodekslar qabul qilinishi nazarda tutiladimi?
- Saidov ushbu masala bo‘yicha Yangi strategiyada ham Tadbirkorlik kodeksi, ham NNTlar Kodeksi qabul qilinishi ustuvor vazifa sifatida kiritilishi rejalashtirilganligini ta’kidladi.
Ikkinchi savol. BMT shartnomaviy organlari tavsiyalari asosida har bir asosiy 8 ta konvensiya bo‘yicha alohida Milliy harakatlar dasturlari ishlab chiqilar edi. Yangi strategiyada ular umumlashtirilishi rejalashtirilmoqda, biroq BMT qo‘mitalarining tavsiyalari har bir konvensiya uchun har xil muddatlarda beriladi. Bunday sharoitda tafsiyalar bajarilishining monitoringi qaerda aks etadi?
- Saidov bu loyiha hozirda muhokamada ekanligini, har bir sohada ekspertlar va jamoatchilik kengashi orqali fikr-mulohazalar qabul qilinayotganini qayd etdi. Yangi model va yagona mexanizm ishlab chiqilgach, har bir konvensiya bo‘yicha umumiy strategik hujjatdan tashqari, uzluksiz monitoring olib boruvchi ilovalar yoki moslashuvchan dasturlar ham bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida har bir sohada ekspertlar ishtirokini ta’minlash, NNTlar bilan hamkorlikda keng muhokamalar uyushtirish, shuningdek har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq maqsad va ko‘rsatkichlar belgilash lozimligi aytildi. Jamoatchilik kengashi a’zolari ushbu loyihani takomillashtirish jarayonida muntazam qatnashib, uning sifatli tayyorlash va amalga oshirishda yordam berishini ma’lum qilishdi.
QAROR QILINDI:
- Jamoatchilik kengashi tarkibi va Nizomi ma’qullansin va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktoriga tasdiqlash uchun kiritilsin.
- Jamoatchilik kengashi raisi sifatida Ashurov Dilshod Rustamovich, kotib sifatida Yuldasheva Gavxarjan tasdiqlansin.
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2024 yildagi faoliyati yuzasidan taqdim etgan axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi (2020-2024) doirasida qolgan bandlarni bajarish bo‘yicha tegishli idoralar bilan yaqindan hamkorlik qilish tavsiya etilsin, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish choralari ko‘rilsin.
- Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha Milliy strategiyasining loyixasi bo‘yicha takliflar Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan joriy yilning 20 maritga qadar Markazga berilsin.
- Kengashning 2024-2025 yillar uchun ish rejasi tasdiqlansin.
Kengash raisi D. Ashurov
Kengash kotibi G. Yuldasheva