Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashi to‘g‘risida

NIZOM

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 

  1. Mazkur Nizom Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) huzuridagi Jamoatchilik kengashining (keyingi o‘rinlarda – Jamoatchilik kengashi) asosiy vazifalari, vakolatlari va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
  2. Jamoatchilik kengashi o‘z iishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash va ekspert organi hisoblanadi.
  3. Jamoatchilik kengashi va uning tarkibi Markaz direktorining buyrug‘i bilan tashkil etiladi.
  4. Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.
  5. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risida Nizomga, mazkur Nizomga hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga amal qiladi.
  6. Jamoatchilik kengashi to‘g‘risida Nizom va unga kiritiladigan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar Markaz direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

 

2-bob. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari

 

  1. Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:

Markaz faoliyatida va Markaz tomonidan yoki uning ishtirokida ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek, davlat dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, Markaz zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha Markaz va Markaz mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

Markazning nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun Markazni fuqarolar bilan bog‘lab turadigan «ko‘prik» rolini bajarish;

Markazga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni baholash;

Markazning fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan faoliyati haqida jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;

Markaz faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;

Markaz faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Markazning rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni joylashtirib borish hamda ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlash;

Markaz faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Markaz faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

Markaz xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish bo‘yicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari bo‘yicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.

  1. Jamoatchilik kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

Markaz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Markazga tegishli takliflar kiritadi;

Markazning fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Markaz faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan takliflarni Markaz xodimlari o‘rtasida muhokama qilishga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishda qatnashadi;

davlat dasturlari loyihalarini, tadbirlar rejalarini va Markaz faoliyatiga taalluqli, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda vakolatlari doirasida ishtirok etadi, bajarilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiladi, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

Markazga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni ko‘rib chiqadi;

Markaz rahbariyati va xodimlarining fuqarolar bilan uchrashuvlarini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishda, shu jumladan joylarga borib tashkil etishda qatnashadi, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazadi;

Markaz xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish muammolarini hal etishda ko‘maklashadi;

xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalari bo‘yicha Markaz xodimlari o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etadi;

Markazda sog‘lom ishchanlik muhitini rivojlantirish, qonuniylikni, yuksak huquqiy madaniyat va axloqiylikni ta’minlash, xodimlarda Vatanga sodiqlik ruhini va qonunlarga bo‘lgan hurmatni kuchaytirish, ularni ijtimoiy, siyosiy, ruhiy va ma’naviy-ma’rifiy kamol toptirish, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy-ma’rifiy va o‘quv adabiyotlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

mamlakatda va xorijda keng jamoatchilikni Markaz faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni ta’minlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Markaz faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;

Markaz faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.

  1. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Markaz tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

Markaz binolari (xonalari) va boshqa ob’ektlarini Markaz tomonidan belgilangan tartibda borib ko‘rish;

Markaz rahbarlariyatiga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

Markaz faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan Markazning axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

Markazning qonun ijodkorligi faoliyatida, Markaz tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga Markaz tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;

Markaz xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;

Jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish.

Jamoatchilik kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda quyidagi majburiyatlarni bajaradi:

jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;

Markaz faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilish;

Markaz va uning mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmaslik;

Markaz va uning mansabdor shaxslari faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qilmaslik;

fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymaslik;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilish.

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

 

3-bob. Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi

 

  1. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, kotibi va a’zolari kiradi.
  2. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim tashkilotlari vakillari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, Markazda namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari qabul qilinadi. Jamoatchilik kengashi a’zolarining soni cheklanmagan.
  3. Jamoatchilik kengashining tarkibi Markaz direktorining buyrug‘i bilan har 3 yilda tasdiqlanadi.
  4. Quyidagi holatlarda jamoatchilik kengashining raisi, kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:

ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berilganda;

jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;

ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.

  1. 15.Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari) va ularga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida Markazning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
  2. 16. Jamoatchilik kengashining raisi:

jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;

jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;

jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;

Markazning rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan jamoatchilik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni Markaz direktori bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan Markaz direktori bilan hamkorlik qiladi;

jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  1. 17.Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini Kengash a’zolaridan biriga yuklanad
  2. 18. Jamoatchilik kengashining kotibi:

jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;

jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, Markaz xodimlaridan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;

kun tartibiga muvofiq jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;

jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;

jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini ta’minlaydi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  1. 19.Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

Jamoatchilik kengashining a’zolari:

o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Markaz tomonidan tashkil etiladigan majlislarda va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;

jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;

Markaz faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;

Markaz xodimlari, ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni jamoatchilik kengashiga kiritadi;

jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  1. 20.Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida, qoida tariqasida, har chorakda chaqiriladi.

Jamoatchilik kengashining raisi jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.

Jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar markazning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.

  1. 21.Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.
  2. 22.Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.
  3. 23. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni kengash a’zolaridan biri olib boradi.

Jamoatchilik kengashining majlisida Markaz direktori, uning o‘rinbosarlari va boshqa xodimlar ishtirok etishi mumkin.

  1. 24. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.

  1. 25.Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
  2. 26. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.
  3. 27. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda Markazga, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
  4. 28.Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.

Markaz jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.

  1. 29.Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan hollarda, jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

 

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

  1. 30.Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash Markaz tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
  2. 31. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning Nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ekanligi Markaz direktori tomonidan nazorat qilinadi.

32. Jamoatchilik kengashining va Markaz direktorining jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

Powered by GSpeech