PANDEMIYA DAVRIDA NIKOH MUNOSABATLARI

Karantin sharoitida inson o'z haq-huquqlaridan to'la foydalana olmaydi, ijtimoiy munosabatlarni amalga oshirishda turli murakkab holatlarga duch keladi. Karantin tartibi qat'iylashgani sari shaxsning ijtimoiy faolligi sustlashib boradi. Murakkabliklarga qaramasdan, pandemiya davrida karantin sharoitida ham hayot o'z yo'lida davom etishi, tug'ilish, o'lim, oila qurish kabi tabiiy demografik jarayonlar to'xtab qolmasligi tayin. Bu o'rinda ijtimoiy munosabatlar va demografik jarayonlarni amalga oshirishning mavjud tartib-taomillarini pandemiya sharoitiga moslashtirish talab etiladi.

O'zbekistonda ham pandemiya davrida karantin sharoitida insonlarning qonuniy nikohdan o'tish va oila qurish bilan bog'liq huquqlaridan foydalanishlarini ta'minlash mutlaqo yangi mezon va mexanizmlar asosida yo'lga qo'yildi.

Ma'lumki, voyaga yetgan shaxslarning nikohdan o'tishi va oila qurishi ham xalqaro, ham konstitutsiyaviy, ham qonuniy asoslarga ega bo'lgan huquq hisoblanadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 16 moddasida, “Balog'at yoshiga yetgan erkaklar va ayollar irqi, millati yoki dini bo'yicha hech qanday cheklashlarsiz nikohdan o'tishga va oila qurishga haqli. Ular nikohdan o'tishda, nikohda turgan vaqtlarida va uni bekor qilish vaqtida bir xil huquqlardan foydalanadilar. Nikohdan o'tayotgan har ikki tomonning erkin va to'liq roziligi asosidagina nikoh tuzilishi mumkin. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy hujayrasi sanaladi va jamiyat hamda davlat tomonidan himoya qilinishga haqli”, deya belgilab qo'yilgan.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63 moddasida esa, “Oila jamiyatning asosiy bo'g'inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo'lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deya qayd etilgan.

O'zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 13 moddasiga binoan, “Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o'tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi”.

Pandemiya davrida karantin sharoitida nikoh tuzish va oila qurishda yuzaga kelgan murakkabliklarni, asosan, ikki yo'nalishga ajratish mumkin:

birinchidan, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikoh shartnomasini tuzish bilan bog'liq murakkabliklar;

ikkinchidan, oila qurish munosabati bilan o'tkaziladigan to'y-hasham va turli milliy marosimlarni tashkil etishdagi muammolar.

Amaldagi tartibga ko'ra nikohlanuvchi shaxslar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga (FHDYO) borib, nikohdan o'tishni so'rab ariza yozishlari, yo'llanma asosida tibbiy ko'rikdan o'tishlari, ularning arizasi bir oy muddatda ko'rib chiqilishi, shundan so'ng guvohlar ishtirokida nikoh shartnomasi tuzilishi va guvohnoma berilishi yoki ariza rad etilishi mumkin.

Karantin sharoitida FHDYO organlariga borib ariza topshirish infektsiya yuqtirish xavfini keltirib chiqarishini inobatga olib, mamlakatimizda onlayn ariza berish tartibi joriy qilindi. Bu karantin tufayli aksariyat xodimlarini masofaviy yoki to'liqsiz ish kuni tartibiga o'tkazgan FHDYO organlarida murojaatchilarning uzundan-uzun navbatlari yuzaga kelishining ham oldini oladi.

Tibbiy ko'rikdan o'tish va guvohlar ishtirokida nikoh shartnomasi tuzish jarayonlarini masofaviy amalga oshirish imkoniyati esa mavjud emas.

Sababi, Oila kodeksining 13-moddasida nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuzilishi, shuningdek nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshirilishi belgilab qo'yilgan.

Oila kodeksining 14-moddasiga binoan, nikoh tuzish ixtiyoriy hisoblanadi hamda nikoh tuzish uchun bo'lajak er-xotin o'z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo'lishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”ning 87-bandiga ko'ra, nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi.

FHDYO organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko'rikdan o'tganligiga hamda ushbu tekshiruvlarning natijalari to'g'risida ularning xabardor ekaniga ishonch hosil qilishi kerak. Nikohning ishonchnoma bo'yicha yoki vakil orqali, shuningdek, tibbiy tekshiruvdan o'tganligi to'g'risida ma'lumotnoma bo'lmaganda qayd etilishiga yo'l qo'yilmaydi.

Mazkur Qoidalarning 88-bandida esa nikohlanuvchilardan biri betobligi sababli FHDYO organiga kela olmaydigan istisno hollarda nikoh tuzilganligi shifoxonada, uyda yoki boshqa tegishli joyda, nikohlanuvchi ikkala shaxsning ishtirokida qayd qilinishi belgilangan. Bundan ko'rinib turibdiki, hatto nikohlanuvchilardan birining betobligi sababli FHDYO organiga kela olmasligi ham nikohlanuvchilardan birining ishtirokisiz nikohni qayd etishga asos bo'la olmaydi.

Bundan tashqari, 91-bandga ko'ra, nikoh tuzilganligi qayd qilinayotganda er va xotinning pasportlariga yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlariga shtamp qo'yiladi va nikohning tuzilgan vaqti va joyi, dalolatnoma yozuvi raqami, er (xotin)ning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug'ilgan yili yozib qo'yiladi.

Ko'rinib turibdiki, bu talablarni internet orqali nikoh shartnomasi tuziladigan bo'lsa, bajarish imkonsiz.

Nikoh shartnomasi tuzilganidan so'ng, xalqimiz, odatda, milliy urf-odatlar asosida to'y-hasham va boshqa marosimlarni o'tkazish tashvishiga tushadi. Pandemiya davrida karantin sharoitida ko'pchilikning bir yerga to'planishi va to'yu marosimlarni nishonlashi infektsiya tarqalishi xavfini nihoyatda oshirib yuboradi. Ammo xalqimizda to'y o'tkazmasdan oila qurish mumkin emas, degan stereotip shakllangan. Bu mentalitetimiz bilan bog'liq holat.

O'zbekistonda nikoh to'yi va u bilan bog'liq boshqa marosimlar Oliy Majlisning “To'y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlarni o'tkazish tartibi to'g'risida”gi Nizomi bilan tartibga solinadi.

Mazkur Nizomga muvofiq, Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha, qo'shaloq to'y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog'liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

COVID-19 infektsiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida pandemiya davrida ushbu tartibga o'zgartirishlar kiritildi.

2020 yil 23 mart kuni qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan mamlakatimiz hududida barcha turdagi ommaviy tadbirlar, shu jumladan bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, shuningdek, teatr, kino va kontsert dasturlari hamda to'ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o'tkazilishi (dafn marosimlari 10 — 15 kishidan ko'p bo'lmagan hollar bundan mustasno) to'xtatildi.

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 maydagi yig'ilishi bayoniga muvofiq, yurtimizda koronavirus infektsiyasi tarqalish holatining hududlar kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning davolanish (sog'ayish) dinamikasi holatidan kelib chiqqan tarzda respublika hududlari joriy yilning 11 mayidan e'tiboran tuman va shaharlar darajasida “yashil”, “sariq” va “qizil”toifalarga ajratilib, maxsus komissiyaning keyinroq qabul qilingan qarori bilan 2020 yil 1 iyundan boshlab "yashil" hududlarda bir qator faoliyat turlari qatorida oilaviy tantana, to'y, ma'raka va marosimlarni o'tkazishga ham ruxsat berildi. Bunda tantana va marosimlar faqatgina fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o'zida 30 kishidan ko'p bo'lmagan holda o'tkazilishi majburiyligi belgilab qo'yildi.

Bunday chora-tadbirlar infektsiya tarqalishi xavfini kamaytirishga yordam berishi ko'zda tutilgan.

Shunga qaramay, mazkur tartib-qoidalarga aholi orasida rioya etilmasligi, to'y-hasham va boshqa tantanalarda ko'plab insonlarning to'planishi holatlari ham uchrab turibdi. Bu esa ushbu jabhada nazoratni, ayniqsa, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish kerakligidan dalolat beradi.

Xulosa qilib aytganda, COVID-19 pandemiyasi butun dunyoda ulkan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Davlatlar oldida pandemiyaga qarshi choralar ko'rishda inson haq-huquqlarini imkon darajasida cheklamaslik vazifasi turibdi. Mamlakatimiz ham global dunyoning bir bo'lagi sifatida pandemiya ta'siridan chetda qolmadi. Respublikamizda pandemiya davrida karantin sharoitida ko'plab ijtimoiy faoliyat turlarida muayyan o'zgarishlar joriy etildi. Jumladan, nikoh shartnomasi tuzish va oila qurish jarayonlari ham pandemiya davri sharoitlariga moslashtirildi, bu jarayon uzluksiz takomillashtirilmoqda. Nikoh tuzish va oila qurish tabiiy demografik jarayon, har bir shaxsning cheklab bo'lmas huquqi  bo'lgani bois uni pandemiya davrida to'xtatib turish maqsadga muvofiq emas.

Mamlakatimizda nikoh tuzish va oila qurish jarayonini pandemiya davri karantin sharoitlariga yanada moslashtirish, shuningdek, bugungi hodisalardan xulosa chiqarib, ayrim o'zgarishlardan pandemiyadan keyingi davrda ham foydalanish maqsadida quyidagi takliflarni bildirishni o'rinli deb hisoblaymiz:

birinchidan, nikoh shartnomasi uchun onlayn ariza topshirish shaklini pandemiyadan keyin ham saqlab qolish kerak;

ikkinchidan, tibbiy ko'rik ma'lumotnomasini FHDYO organiga yetkazishda, shuningdek, guvohlar ishtirokida nikoh shartnomasi tuzishda onlayn tarzda oldindan ma'lum bir vaqtni belgilash va belgilangan vaqtdagina FHDYO organiga borish tartibini yo'lga qo'yish zarur;

uchinchidan, guvohlar ishtirokida nikoh shartnomasi tuzish jarayoni ijtimoiy masofa saqlagan holda, maxsus dezinfektsiyalangan xonalarda o'tkazilishini ta'minlash lozim;

to'rtinchidan, to'y va boshqa oilaviy marosimlarni Respublika maxsus komissiyasi ruxsat bergan shaklda o'tkazish ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur;

beshinchidan, ommaviy axborot vositalari orqali to'y-hashamlarni ixcham shaklda karantin talablari asosida o'tkazish to'g'risida muntazam tushuntirish ishlari olib borilishini yo'lga qo'yish maqsadga muvofiq.

Farhod Nizomov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali xodimi

Powered by GSpeech