Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasida mehnatga oid munosabatlar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, O'zbekiston Respublikasi qonunlari va Oliy Majlis qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi qonunlari va Jo'qorg'i Kenges qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Hukumatining hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Hukumatining qarorlari, davlat hokimiyatining boshqa vakillik va ijroiya organlari o'z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlardan iborat bo'lgan mehnat to'g'risidagi qonun hujjatlari, jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida belgilab qo'yilganidek “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko'rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o'tash tartibidan yoki qonunda ko'rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi”.
Mehnat to'g'risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifasi xodimlar, ish beruvchilar, davlat manfaatlarini e'tiborga olgan holda, mehnat bozorining samarali amal qilishini, haqqoniy va xavfsiz mehnat shart-sharoitlarini, xodimlarning mehnat huquqlari va sog'lig'i himoya qilinishini ta'minlaydi, mehnat unumdorligining o'sishiga, ish sifati yaxshilanishiga, shu asosda barcha aholining moddiy va madaniy turmush darajasi yuksalishiga ko'maklashishdir.
XXI asrning dolzarb muammosi darajasiga ko'tarilib, butun bashariyat hayotini xavf ostiga qo'ygan koronavirus pandemiyasining tarqalishi va oldini olishda davlatlar hamda davlat rahbarlarining to'g'ri yo'l tutishlari muhim rol` o'ynamoqda.
Shu o'rinda, O'zbekistonda bu “tojdor” ofat kirib kelmasdan turib barcha himoya choralari ko'rib qo'yilgan edi. Mamlakatimizda virus rasman aniqlanganidan keyin, Muhtaram Prezident SH.M.Mirziyoev shaxsan o'zi xalqqa murojaat qilib, bu yuqumli kasallik nechog'li xavfli ekanligi haqida ma'lumot berdi va O'zbekistonning barcha aholisini davlat bilan birgalikda xavfsizlik choralarini amalga oshirishga, bu xatarli pandemiyani hamjihatlik, aql va iroda kuchi, qat'iy intizom bilan yengib o'tishga chaqirdi.
Bu borada mamlakatimizda yangi turdagi koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi.
Xususan, Muhtaram Prezidentimizning O'zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo'yicha Bosh vazir rahbarligidagi maxsus komissiyani tashkil etish bo'yicha 2020 yil 29 yanvarda F-5537-son Farmoyishi qabul qilindi.
Maxsus komissiyaning o'z vakolati doirasida mehnat sharoitlarini o'zgartirish bilan bog'liq tegishli qarorlariga muvofiq dunyoning barcha davlatlari bilan O'zbekiston Respublikasi o'rtasida muntazam aviaqatnovlar to'xtatildi, xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni, (respublikada doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo'lmagan shaxslar bundan mustasno), shuningdek, yo'lovchi tashuvchi transport vositalarini (avtobus, yengil avtotransport va temir yo'l transporti vositalari) O'zbekiston Respublikasi hududiga barcha chegara o'tkazish punktlari orqali kirib kelishi to'xtatildi, O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan shaxslarni 14 kun davomida maxsus ajratilgan tibbiyot muassasasi yoki karantin tadbirlarini tashkil etishga moslashtirilgan bazalar yoxud uy sharoitida karantinga olish talabi belgilandi, respublika hududidagi barcha ko'ngilochar ob'ektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bil`yard zallari, chilim (kal`yan) markazlari va komp`yuter o'yinlari xizmatini ko'rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati, barcha turdagi ommaviy tadbirlar, shu jumladan bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, shuningdek, teatr, kino va kontsert dasturlari hamda to'ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o'tkazilishi (dafn marosimlari 10-15 kishidan ko'p bo'lmagan hollar bundan mustasno) to'xtatildi, davlat oliy ta'lim muassasalarida, umumiy o'rta, o'rta maxsus, maktabdan tashqari va maktabgacha ta'lim muassasalarida hamda barcha nodavlat ta'lim tashkilotlarida ta'lim jarayonlari to'xtatildi va koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan boshqa bir qator choralar ko'rildi.
Shuningdek, respublika hududida 2020 yil 24 mart kuni soat 00.01 dan boshlab, idoraviy bo'ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga ta'sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta'tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (“onlayn” rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralari ko'rish bo'yicha koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi.
Ma'lumki, xodimlarga mehnat ta'tili berish O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu qoidalar karantin davrida boshqacha talqin qilinmagan holda qo'llaniladi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 285-moddasi talablariga ko'ra, karantin davrida xodimga ish beruvchi tomonidan mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to'lanishi kerak.
Xodimlar uchun karantin tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi xodimning davlat ijtimoiy sug'urta badallarini to'lash muddatiga (umumiy ish stajiga), qaramog'idagi bolalar soniga va boshqa holatlarga qarab ish haqining 60-100 foizi miqdorida to'lanadi.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo'yicha nafaqalarning eng kam miqdori qonunda belgilangan eng kam ish haqining 35,2 foizidan kam bo'lmasligi kerak va nafaqa hisoblanadigan ish haqidan ortib ketmasligi lozim.
Masofadan ishlashda esa, (agar ish hajmi oldingidek qolsa) to'liq ish haqini to'lashi lozim. Agar ish hajmi kamaysa, u holda xodim masofadan ishlashga o'tkazilishidan oldin belgilangan tarif stavkasidan kelib chiqib, xodimning ish haqi soatbay ish haqi miqdoriga muvofiq to'lanadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmonining 16-bandiga binoan, koronavirus infektsiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o'rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo'lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o'rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to'lanishi belgilab qo'yildi.
Mehnat kodeksining 150-moddasi birinchi qismiga binoan, karantin davrida xodimning arizasiga ko'ra unga ish haqi saqlanmagan holda ta'til berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o'rtasidagi kelishuvga ko'ra belgilanadi, lekin u o'n ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq bo'lmasligi kerak.
Bu davrda ish beruvchi tomonidan xodimning roziligisiz uni bunday ta'tilga chiqarishi mumkin emas.
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020 yil 23 martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha tashkilotlar, mulkchilik shaklidan qat'i nazar va ularning faoliyatiga zarar yetkazmagan holda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarga ta'til berilishini ta'minlash choralarini ko'rish belgilangan.
Mehnat qonunchiligiga ko'ra, karantin tadbiri davrida ish beruvchi xodimlarni, ayniqsa homilador ayollarni, keksalarni, nogironlarni va surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni ularning roziligiga ko'ra ishning masofaviy usuliga, moslashuvchan ish grafigiga yoki uyda ishlashga o'tkazishlari mumkin. Bunday holda ish beruvchi xodimning ushbu rejimda ishlashi kerak bo'lgan davrni belgilab berishi kerak.
Agar xodim navbatdagi xaq to'lanadigan mexnat ta'tilidan foydalanib bo'lgan bo'lsa yoki tasdiqlangan ta'tillar jadvalidan tashqari uni olishni hohlamasa, bu holda, ish beruvchi, xodimning roziligi bilan, uni vaqtinchalik masofaviy ish tartibiga, moslashuvchan ish vaqti yoki uyda ishlash tartibiga o'tkazishi yoki ish haqi saqlanmagan holda ta'til berishi mumkin.
Xodim ish vaqti o'zgargan holda ishlash tartibida o'tkazilgan taqdirda, ish beruvchi qo'shimcha shartnoma tuzishi lozim.
Bundan tashqari, ish beruvchi, xodimning arizasi olingan kuni yangi rejimning boshlanish va tugash sanalarini ko'rsatgan holda, ish rejimi o'zgartirilganligi to'g'risida buyruq chiqarishi kerak.
To'liqsiz ish vaqti yillik ta'tilning davomiyligi, ish staji va boshqa mehnat huquqlari bo'yicha cheklovlarni keltirib chiqarmaydi va ishlagan vaqtiga yoki ish natijasiga qarab to'lanadi.
Xodimning ish hajmi o'zgarmasa ish haqi miqdori o'zgartirilmagan holda to'lanadi. Ya'ni, ish haqi miqdorini belgilash ish joyiga bog'liq emas, aslida u amalda ishlagan vaqt yoki bajarilgan ish uchun to'lanadi.
Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda ish beruvchi ish to'xtab qolgani munosabati bilan xodimni mehnat ta'tiliga yoki vaqtincha boshqa ishga o'tkazish lozim. Bunday holatda ham xodimning yozma roziligi olinishi lozim bo'ladi.
Shuningdek, ish beruvchi faqat xodimning yozma roziligini olgan holda unga ish haqi saqlanmaydigan ta'til berishi mumkin.
Ammo, xodim sog'lig'iga to'g'ri kelmaydigan ishga o'tkazilishi mumkin emas.
Vaqtinchalik boshqa ishga o'tkazilgan davrda xodimga bajarilgan ishlar uchun ish haqi to'lanadi, lekin uning miqdori avvalgi o'rtacha ish haqidan kam bo'lmasligi kerak.
Boshqa ishga o'tkazish muddati, aniq ish haqi, shuningdek, ishlab chiqarish zarurati holatlari jamoa shartnomasida belgilanadi, agar u tuzilmagan bo'lsa - ular ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Karantin davrida ish beruvchi o'z tashabbusi bilan xodimni ishdan bo'shatishi mumkin emas. Bunday qonunbuzilishiga yo'l qo'yilgan taqdirda tegishincha O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda yoki Jinoyat kodeksida belgilangan javobgarlikka olib keladi.
Mehnat qonunchiligiga binoan mehnat shartnomasi istalgan vaqtda faqat tomonlarning kelishuviga binoan bekor qilinishi mumkin, bu qoida karantin davrida ham amal qiladi.
Ammo, agar mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilgan bo'lsa (ya'ni muddatli mehnat shartnomasi) va shu muddat tugashi karantin davriga to'g'ri kelsa, bu holatda ish beruvchi mehnat munosabatlarini bekor qilishga haqlidir.
Shu bilan birga e'tibor qaratish lozimki, xodim vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida, ta'tilda bo'lganda va xodim koronavirus infektsiyasini yuqtirgan yoki karantinda bo'lgan bolaning, shuningdek 14 yoshga to'lmagan bolaning ota-onasi (ular o'rnini bosuvchi shaxs, vasiy, homiy) bilan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi taqiqlanadi.
O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va vazirlikning 2020 yil 25 martdagi 9-2020/B-son buyrug'i bilan tasdiqlangan, koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish vaqtida davlat organlari va mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar xodimlarini masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o'tkazishning vaqtinchalik tartibini belgilovchi Nizom O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2020 yil 28 martda 3228-raqam bilan ro'yxatdan o'tkazildi va amaliyotga tatbiq etildi.
Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 25 martdagi 8-2020/B-son buyrug'i bilan tasdiqlangan, koronavirus infektsiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirish vaqtida maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim muassasalarining faoliyati to'xtatilgan davrda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta'lim muassasalarining boshlang'ich sinf o'quvchilarining ota-onalariga haq to'lanadigan yillik mehnat ta'tili berishning vaqtinchalik tartibini belgilovchi Nizom ham Adliya vazirligida 2020 yil 28 martda 3227-raqam bilan ro'yxatdan o'tkazildi.
Mazkur Nizomga asosan, karantin davrida bolalar bog'chalari va maktablar faoliyatini to'xtatib turish davrida maktablarning 1-4-sinf o'quvchilari va bog'cha tarbiyalanuvchilarining ota-onalariga (ularning o'rnini bosuvchi shaxslarga, vasiylariga) mehnat ta'tili berilishi, ta'til, ta'til jadvalidan qat'i nazar, xodimning iltimosiga binoan berilishi belgilab qo'yildi (birinchi yil uchun 6 oy davomida ishlash shart emas).
Bunday holda, xodim yashash joyidagi oilaviy poliklinikadan karantin davrida bolani parvarish qilish uchun vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik varaqasini ochtirishi kerak. Ushbu vaqtinchalik ishga layoqatsizlik varaqasiga muvofiq, xodim 14 kun davomida ish haqi to'langan holda bola tarbiyasi uchun ta'tilga chiqishga haqli.
Nizom talablariga asosan, agar xodim karantin davrida maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim muassasalarning faoliyati to'xtatilishidan oldin mehnat ta'tilidan foydalangan bo'lsa yoki karantin davrida mehnat ta'tilini olishni xohlamasa ish beruvchi xodimning xohishiga ko'ra, xodimni masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha o'tkazishi, yoxud xodimga ish haqi saqlanmagan holda ta'til berishi mumkin.
Ta'lim muassasalarida karantin muddatining davom etishi sababli ta'til tugagan kuni ishga borishning iloji bo'lmasa, xodim ish beruvchiga ish haqi saqlanmagan holda ta'til olish to'g'risida (ta'tilning sanasa va boshlanishini ko'rsatgan holda) yoki masofaviy ish usuli, moslanuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha o'tkazishi to'g'risida ariza bilan murojaat qiladi.
Masofadan turib xodimni ishga qabul qilish jarayonida mehnat qonunchiligida alohida talablar yoki cheklovlar ko'zda tutilmagan. Shu sababli, bu holatda xodim ishga qabul qilish uchun zarur bo'lgan hujjatlarni ish beruvchiga taqdim etishi kerak.
Endi karantin davrida xodimlarga beriladigan kafolatlar, rag'batlantirishlar masalasiga kelsak, bu haqda Mehnat kodeksining 165 va 167-moddalarida ko'rsatilgan qoidalarga e'tibor qaratish lozim bo'ladi. Ya'ni, xodim davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotgan vaqtida ish beruvchi uni ish joyini (lavozimini) saqlagan holda ishdan ozod qilishi shart. Ana shu vazifalarni bajarish vaqtida xodimning o'rtacha ish haqi saqlanadi. Kafolatlangan to'lovlarni berish tartibi jamoa shartnomasi tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning o'rtacha ish haqidan past bo'lishi mumkin emas.
Davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganda xodimlarning o'rtacha daromadlarini saqlash, shuningdek, jamiyat manfaatlari yo'lida harakatlarni bajarish bilan bog'liq xarajatlar, jumladan byudjetdan ta'minlanadigan muassasa va tashkilotlarda byudjetdan qoplanadi.
Mehnat kodeksining 153-moddasi ikkinchi qismiga binoan, mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qo'shimcha to'lovlar, ustamalar, rag'batlantirish tarzidagi to'lovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo'mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi.
Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlarga ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo'shimcha to'lovlar joriy etilgan.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-sonli “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va
sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga binoan, koronavirus infektsiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob'ektlarda hamda koronavirus infektsiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga rag'batlantirish to'lovlari belgilandi. Unga ko'ra, har 14 kunlik faoliyat davri (shu jumladan, mart oyi) uchun vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga - 25 million so'm, o'rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga - 15 million so'm, kichik tibbiyot xodimlariga - 10 million so'm, boshqa xodimlarga - 5 million so'm miqdorida (soliqlardan tashqari) maxsus qo'shimcha rag'batlantirish to'lovi (maxsus to'lov) to'lanadi.
Shuningdek, koronavirus infektsiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning sog'lig'iga shikast yetkazilgani uchun - 100 million so'm yoki ularning og'ir ahvolga tushishi va sog'lig'i tiklanmagani munosabati bilan bir yo'la beriladigan -250 million so'm miqdoridagi qo'shimcha to'lovlar joriy etildi.
Shu bilan birga, ushbu to'lovlar qonun hujjatlari, shuningdek, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlar hamda mehnat shartnomasiga muvofiq xodimning sog'lig'iga shikast yetkazilgani yoki boshqa oqibatlar yuzaga kelishi munosabati bilan to'lanadigan to'lovlarni saqlab qolgan holda qo'shimcha ravishda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 iyuldagi 446-sonli qaroriga muvofiq, 2020 yil 20 iyuldan koronavirus epidemiyasi davrida normativga qo'shimcha ravishda kechayu kunduz navbatchilik qiladigan 1 nafar tibbiyot xodimi va 1 nafar haydovchidan iborat ixchamlashtirilgan mobil tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etish, ushbu brigadalarda ishlovchi xodimlarning lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo'shimcha to'lovlar o'rniga vrach xodimlarga 2,5 million so'm, o'rta tibbiyot xodimlariga 1,5 million so'm, haydovchilarga 1,0 million so'mdan qo'shimcha rag'batlantirish to'lovlari to'lash belgilandi.
O'zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida”gi qonunining 25-moddasiga ko'ra, viloyat, tuman va shahar hokimi qonunlarning hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining, yuqori turuvchi organlar va tegishli xalq deputatlari Kengashi qarorlarining ijrosini, jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va salomatligini muhofaza etish bilan bog'liq chora-tadbirlar ko'radi, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda hollarda tegishli ishlarni tashkil etadi.
Hokimlar bu boradagi vakolatlarini qarorlar qabul qilish hamda farmoyishlar chiqarish yo'li bilan amalga oshiradi.
Qayd etilgan qonun hujjatlariga ko'ra, hokimlar epidemiyalar tarqalgan va karantin e'lon qilingan davrda o'zlari rahbarlik qilayotgan hudud aholisi, tashkilot, idora va korxonalar uchun ijrosi majburiy bo'lgan hujjat qabul qilishga haqli.
Otabek Norboev
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo'lim boshlig'i
- Qo'shildi: 29.07.2020
- Ko'rishlar:
- Chop etish