3 mart – Butunjahon yozuvchilar kuni

Har yili 3 mart kuni dunyoda Butunjahon yozuvchilar kuni (World Day of the writer) sifatida nishonlanadi.

Bu bayram 1986 yilning 12-18 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Xalqaro PEN Club (International PEN Club)ning 48-kongressi qaroriga ko‘ra ta’sis etilgan. Tashkilot nomi – qisqartma so‘zlardan tashkil topgan bo‘lib, inglizcha “Poets” – shoirlar, “Essayists” – esse, ocherklar yozuvchi, “Novelists” – roman yozadigan adiblar so‘zining bosh harflaridan hosil bo‘lgan.

Xalqaro PEN Club 1921 yil Londonda tashkil topgan. Tashkilot o‘z atrofiga mahoratli yozuvchi va shoirlar, jurnalistlarni birlashtirgani bilan ahamiyatli.

Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy adabiyotimizni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlarning asarlarini nashr ettirish, ular uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlarning barchasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbuskor ekani bugungi kunda nainki mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda.  

Ustoz adib va shoirlarning xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning ijodiy merosini keng targ‘ib etish, asarlarini nashr ettirish, yubiley sanalarini o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, yosh ijodkorlarga e’tibor bugun har qachongidan ham kuchaygani diqqatga sazovor. Yosh qalamkashlar uchun Zomin yosh ijodkorlar respublika seminari qayta tiklandi. Yosh ijodkorlar, she’riyat muxlislari uchun “She’riyat xiyobonlari” va boshqa ko‘plab ijodiy-ma’rifiy loyihalar muntazam o‘tkazilmoqda.  

Ayni e’tibor samarasi o‘laroq, mamlakatimiz yozuvchilari va shoirlari ijodini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, jahon adiblarining eng sara asarlaridan namunalarni o‘zbek tiliga tarjima etish borasidagi ishlar hajmi yanada ortdi. Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etildi. Bir qator yozuvchi va shoirlarimizning asarlari jahonning turli mamlakatlarida nashr etilmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi chop etilib, xalqaro miqyosda taqdim etilgani milliy va qardosh xalqlar adabiyoti targ‘ibotida Vatanimizning yetakchilik pozitsiyasini egallab kelayotganidan darak beradi.  

Shu bilan birga, TURKSOY mamlakatlari o‘rtasidagi ijodiy-adabiy aloqalar qamrovi tobora kengaydi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan xalqaro she’riyat festivallari, turkiy tilli davlatlar adiblari ishtirokidagi xalqaro forumlar muntazam bo‘lib o‘tmoqda.

Shuningdek, Rossiya, Belarus Respublikasi, Ozarbayjon, Turkiya, Janubiy Koreya, Italiya va boshqa davlatlarda o‘zbek yozuvchi va shoirlarining asarlari chop etilishi qamrovi tobora ortdi. Ijodkorlarimiz xalqaro miqyosdagi ijodiy festivallar, tanlovlarda sovrindor bo‘lmoqdalar.  

Bularning bari xalqimizni kitobxon millatga aylantirish borasidagi amaliy ishlarning yorqin namunasidir.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri

Powered by GSpeech