– 4-5 aprel kunlari Samarqandda “Markaziy Osiyo global iqlim muammolariga duch kelmoqda: umumiy farovonlik uchun birlashish” mavzusida birinchi xalqaro iqlim forumi bo‘lib o‘tadi, – dedi "Hydrogen Oman “Hydrom” boshqaruvchi direktori Abdulaziz ibn Said Ash-Shizoniy.
– Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasining iqlim muammolarini hal etish, Markaziy Osiyo mintaqasini energiya bilan barqaror ta’minlash yo‘lidagi izlanishlar samarasidir. Jahon hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilayotgan bu forum qator muhim mintaqaviy va xalqaro masalalar ko‘tariladigan maydonga aylanishi shubhasiz. Shu bilan birga ishtirokchilar qayta tiklanadigan energiya va yashil vodorod sektori yangi salohiyatini o‘rganadilar. Xususan, O‘mon Sultonligida sodir bo‘layotgan o‘xshash o‘zgarishlar nuqtai nazaridan O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik, integratsiya, fikr va tajriba almashish biz uchun ham foydali.
Zotan, jahon yetakchilari – faol siyosatchilar, ekspertlar Markaziy Osiyo va dunyo duch kelayotgan dolzarb iqlim muammolarini bevosita muhokama qilib, ekologiya va iqlim barqarorligi, yashil iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yangi g‘oyalar ilgari suriladigan yuqori darajadagi platformada to‘plandi.
Asosiy mavzulardan biri global miqyosdagi ekologik halokatning yaqqol namunasi bo‘lgan Orol dengizi inqirozidir. Mutaxassislar, hukumat vakillari zarar ko‘rgan hududlarda yerni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish va iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatini kamaytirishga qaratilgan turli yechimlarni ko‘rib chiqadi.
Samarqand forumining yakuniy hujjati – “Yashil” rivojlanishning mintaqaviy konsepsiyasi taqdimoti tadbirning asosiy natijasi sifatida iqlim o‘zgarishi sohasida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona mintaqaviy qarashini shakllantirishga asos soladi. Hujjatda yetakchi xalqaro tashkilotlarning mintaqadagi ekologik masalalarga yondashuvi bayon qilinadi.
Umuman, O‘zbekistonning barqaror va mas’uliyatli rivojlanish yo‘lidagi intilishi, yashil iqtisodiyot va toza energiya manbalaridan foydalanish yo‘lidagi sa’y-harakati boshqa davlatlar uchun namuna bo‘la oladi.
Muharrama Pirmatova yozib oldi. O‘zA
- Qo'shildi: 03.04.2025
- Ko'rishlar: 258
- Chop etish