Adabiyot va kitobxonlik: jamiyatimizda ushbu sohaga e'tibor kuchaydi

Mamlakatimizda milliy g'oya targ'iboti, ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, jamiyatda adabiyot va kitobxonlikni yanada rivojlantirish davrning dolzarb talabiga aylandi. Shu maqsadda «Ijod» jamoat fondi negizida Ma'naviyat va ijodni qo'llab-quvvatlash fondi tashkil etilishi haqida 19 yanvar` kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida alohida ta'kidlangani bejiz emas.

O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirokida tashkil etilgan ma'rifiy anjumanda shu haqda so'z bordi. Tadbir doirasida akademik A.Saidovning "Qiyosiy adabiyotshunoslikka kirish" kitobi taqdimoti o'tkazildi.

Mazkur kitob 2020 yilda G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashr etilgan. Kitobning "G'arb adabiyoti" nomli birinchi bo'limi 11 ta bobdan tashkil topgan bo'lib, unda Frantsiya, Italiya, Germaniya, Avstriya, Shveytsariya, Angliya, Irlandiya, Rossiya, Chexiya, AQSH, shuningdek Lotin Amerikasi adabiyoti yorqin namoyandalarining adabiy-badiiy asarlari tahlil etilgan.

Kitobning ikkinchi bo'limi "Sharq adabiyoti" deb ataladi. Ushbu bo'limdagi 5 ta bobdan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya mamlakatlari va Fors adabiyotiga mansub mashhur adiblarning asarlari badiiy talqiniga bag'ishlangan maqola va esselar o'rin olgan.

Muallif ta'kidlaganidek, qiyosiy adabiyotshunoslikning asosiy vazifasi jahon adabiyoti xaritasining rang-barang milliy manzaralarini ilmiy-ijodiy talqin etishdan iboratdir. Milliy adabiyotlarni o'zaro qiyosiy o'rganish asosidagina jahon adabiyoti rivojining asosiy mezonlari va rivojlanish qonuniyatlarini aniqlash mumkin.

Taqdimotda taniqli yozuvchi va jurnalist, filologiya fanlari doktori Xurshid Do'stmuhammad, Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karim, G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori Shavkat Yusupov ishtirok etdi hamda so'zga chiqdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech