Adolat – inson ziynati

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilingan "Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to'g'risida"gi qarorida ta'kidlanganidek, "Ulug' shoir o'zining she'riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g'oyalarni, ona tilimizning beqiyos so'z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o'rin egalladi".

Mamlakatimizning turli tashkilot va muassasalarida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy anjumanlar bo'lib o'tmoqda. Shunday tadbirlardan biri Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraktsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta'kidlaganidek, buyuk o'zbek shoiri va mutafakkiri, atoqli davlat va jamoat arbobi, ta'lim-tarbiya va ilm-fan, ma'naviyat va madaniyat, ona tilimiz va adabiyotimiz homiysi bo'lgan Alisher Navoiy hazratlari – xalqimiz ma'naviy dunyosining shakllanishiga g'oyat kuchli va samarali ta'sir ko'rsatgan ulug' ajdodlarimizdan hisoblanadi.

Ul zotning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o'rin tutadi. So'nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o'rganish, o'lmas asarlarini yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda keng targ'ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bobomiz tug'ilgan qutlug' 9 fevral` sanasini har yili adabiyot va ma'rifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash an'anasi qaror topdi. Asarlari muntazam nashr etilib, navoiyshunoslik sohasida ko'plab tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar tashkil qilinmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, mamlakatimiz hamda bir qator xorijiy davlatlarda haykallari o'rnatilgani, asarlar to'plami to'liq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulug' bobomizning muazzam me'moriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizdagi ulkan voqealarga aylanganini qayd etish lozim.

Tadbirda so'zga chiqqan navoiyshunos olimlar buyuk davlat arbobining mazkur jihatlariga e'tibor qaratdilar. Jumladan, Alisher Navoiyning davlat ishlaridagi faoliyatida adolat va qonuniy jamiyatga doir qarashlari alohida ajralib turgan.  Ilmiy-badiiy asarlarida doimo davlatning halol, vijdonli kishilari, obro'-e'tiborga loyiq ulamolar, arboblari ulug'lanib kelingan. Siyosat adolat asosiga qurilgandagina davlat mustahkamlanishi, mazlumlar himoya qilinsa, yomonlar jazolansa, bu boshqalarga ibrat bo'lishini ta'kidlab kelganlar. 

Navoiy o'zining “Xamsa”sida davlatchilik asoslari, taraqqiyotga yuz tutgan jamiyat muammolari, inson huquqi masalalariga ham chuqur munosabat bildirgan. “Xamsa”ning birinchi dostoni – “Hayrat ul-abror”da jamiyat farovon, hukumat adolatli, inson baxtli bo'lmog'i uchun nimalar lozim ekani xususida fikr yuritib, baxtli yashashni istagan inson uchun zarur bo'lgan fazilatlar bayon qilingan.

Navoiy bobomiz ta'biri bilan aytganda, adolat nafaqt shohlar, balki oddiy kishilarning ham ziynatidir. Adolatni shior qilgan shohga boshqa biron bir shoh tenglasha olmaydi. Ya'ni, huquqiy davlatniing asosiy belgisi – barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini ta'minlanishiga ustuvor vazifa sifatida e'tibor qaratganidir.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ma'naviy kamol toptirishda Navoiyning milliy davlatchilikka oid qarashlari katta ahamiyatga ega. Zero, bugungi yoshlarimiz kelajakda davlat xizmatchilari, Vatanning chinakam vorislari bo'ladi. Navoiyning davlat va jamiyat boshqaruvidagi hayotiy-falsafiy asarlari esa bunda dasturilamal bo'lib xizmat qiladi.

Shu ma'noda, Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo'yib, yangi Uyg'onish davri poydevorini yaratayotgan bugungi kunda mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o'zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o'rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech