O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021-2022 o‘quv yilidan umumta’lim maktablarida tajriba-sinov tariqasida inklyuziv ta’lim va korreksion sinflar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Imkoniyati cheklangan bolalarning sog‘lom bolalar qatori ta’lim-tarbiya olishlarini ta’minlash hamda ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadiga yo‘naltirilgan mazkur qaror asosida dastlab Buxoro viloyati Kogon shahridagi 3-umumta’lim maktabida boshlang‘ich tayanch korreksion sinf tashkil qilingan edi.
Joriy o‘quv yilida inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilgan maktablar soni 25 taga yetdi. Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 46 nafar o‘quvchi mazkur ta’lim muassasalarida sog‘lom tengdoshlari qatori qatnab o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Kogon shahridagi 3-maktabda tashkil etilgan 3 ta tayanch korreksion sinflarida esa o‘quvchilar qamrovi 24 nafarga yetdi. Ayni paytda bu o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
– Oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, tajribali psixologimiz har bir o‘quvchining jismoniy va aqliy imkoniyatlari, qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqib, guruhlarda va yakka tartibda mashg‘ulotlar olib bormoqda. Olib borayotgan sa’y-harakatlar natijasida, o‘tgan vaqt mobaynida o‘quvchilarimizda katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Bundan ota-onalari ham benihoya xursand. Bugun ular sog‘lom sinfdoshlari qatori o‘qishni, yozishni yaxshigina o‘zlashtirib olishdi. Dastlab o‘quvchilarda qo‘rquv, hayajon, begonasirash bo‘ldi. Ayni paytda esa ular maktab hayotiga moslashib, o‘quvchilik mas’uliyatini his eta boshlagan. Hech ikkilanmay ayta olamanki, kelajakda bu o‘quvchilar jamiyatda o‘z o‘rinlarini topadi, – deydi Romitan tumanidagi 1-IDUM direktori Shohista Musoyeva.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 17.09.2024
- Ko'rishlar: 799
- Chop etish