An'anaviy Plexanov o'qishlari: yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash – davr talabi

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universitetining Toshkent filialida 34-xalqaro Plexanov o'qishlari bo'lib o'tdi. Ushbu an'anaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyaning mamlakatimiz poytaxtida o'tkazilgan bu galgi sayyor sessiyasi 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini 2021 yil – “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshiriladigan chora-tadbirlar tahlili hamda targ'iboti doirasida tashkil etildi.

Plexanov o'qishlaridan maqsad – professor-o'qituvchilardan to talabalargacha bo'lgan keng ko'lamdagi izlanuvchilar tomonidan ilm-fanning dolzarb masalalarini kun tartibiga qo'yish va ilmiy soha bilan amaliyot uyg'unligini ta'minlashning eng maqbul xususiyatlarini atroflicha muhokama qilish uchun qulay muloqot maydonchasi yaratishdan iborat.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali rektori akademik Qalandar Abdurahmonov ta'kidlaganidek, ushbu anjuman 25 yildan buyon muntazam o'tkazib kelinmoqda. Joriy yildagi Plexanov o'qishlarida yoshlarni ish bilan ta'minlashga doir ilmiy-amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Bu bejiz emas. Nega deganda, bugungi kunda yoshlar orasidagi ishsizlik muammosi juda dolzarb bo'lib, ayniqsa, navqiron ishsiz hamyurtlarimizning 42 foizi oliy ma'lumotli mutaxassislar ekani achinarli holdir.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy Markazi direktori akademik Akmal Saidov anjumanga moderatorlik qilar ekan, joriy yildagi Plexanov o'qishlarining ayrim o'ziga xos xususiyatlariga e'tibor qaratdi.

Birinchidan, mazkur an'anaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya ilk bor oflayn va onlayn tarzida tashkil etildi. Bunda, albatta, koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq shart-sharoitlardan kelib chiqildi.

Ikkinchidan, bu yil Plexanov o'qishlari Toshkent shahrida 25-marta o'tkazildi. Ya'ni, ushbu an'anaviy anjumanning chorak asrligi ham nishonlandi.

Uchinchidan, pandemiya inqirozi bilan bog'liq muammolarga qaramay, Plexanov o'qishlariga bag'ishlangan an'anaviy ilmiy to'plam tayyorlandi. To'plamning elektron shakli taqdimoti o'tkazildi.

To'rtinchidan, mazkur xalqaro miqyosdagi tadbirda pandemiya sharoitida iqtisodiyot fanlari rivoji bilan bog'liq  muammolar chuqur tahlil qilindi. Bu, o'z navbatida, an'anaviy Plexanov o'qishlarining amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.

Anjumanda O'zbekiston va Rossiya Federatsiyasi, shuningdek boshqa xorijiy mamlakatlarning nufuzli olimlari ishtirok etdi. Muhokamalarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlisga Murojaatnomasida, O'zbekiston o'qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigida, shuningdek O'zbekiston yoshlarining birinchi forumida yoshlar muammolarini hal etish borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatiga alohida e'tibor qaratildi.

Ma'lumot uchun: G.V.Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali bundan 25 yil avval tashkil etilgan. U O'zbekistonda birinchi bo'lib ish boshlagan xorijiy oliy o'quv yurti filiali hisoblanadi.

1999-2020 yillarda ushbu oliy ta'lim muassasasida tahsil olgan talabalar soni 3 ming 673 nafarni tashkil etadi. Shundan 2 ming 861 nafari - bakalavr, 812 nafari esa magistr darajasidagi diplomga ega.

2020 yilda bakalavriat bosqichini bitirgan 122 nafar mutaxassisning 100 nafari, ya'ni 82 foizi ish bilan ta'minlangan. Ulardan 91 foizi egallagan ixtisosligi bo'yicha ishlamoqda. O'tgan yili magistratura bosqichini bitirgan 23 nafar mutaxassisdan 22 nafari (95 foizi) egallagan ixtisosligi bo'yicha ishga joylashgan.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech