AQSh hukumati Qo‘shma Shtatlarga mamlakatga noqonuniy migratsiya tashkilotchisi bo‘lgan shaxslarga nisbatan viza cheklovini joriy qildi. Davlat departamentiga ko‘ra, chet elliklarning AQShga noqonuniy kirib kelishiga yordam beruvchi shaxslarga endi Amerika vizasi berilmaydi.
Rasmiy axborotda bu cheklov odamlarni AQShga noqonuniy yo‘l bilan yuborishni o‘zining asosiy faoliyati qilib olgan sayyohlik agentliklari va turoperatorlarning rasmiylariga ham taalluqli ekani alohida qayd etilgan.
“Hech kim – na kontrabandachilar, na xususiy kompaniyalar, na davlat amaldorlari va na boshqalar – zaif muhojirlar hisobidan foyda ko‘rmasligi kerak”, – deyiladi Davlat departamenti axborotida.
Bir necha oy oldin bunday cheklov noqonuniy migratsiyani tashkillashtiruvchi kompaniyalarning quruqlik, dengiz va havo transporti orqali odamlarni tashish bilan shug‘ullanadigan mansabdorlariga nisbatan joriy etilgan edi. Endilikda cheklov doirasi kengaytirilib, turfirmalar va turoperatorlarning yuqori lavozimli amaldorlari ham “qora ro‘yxat”ga kiritildi.
Avvalroq, 2023 yilda AQSh chegarasini 50 ming nafar markaziy osiyolik noqonuniy kesib o‘tgani xabar qilingandi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 30.07.2024
- Ko'rishlar: 1164
- Chop etish