Xabar berilganidek, poytaxtimizda “ICT WEEK UZBEKISTAN-2024” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Anjuman doirasida “IT qizlar uchun emas!” degan stereotiplarni buzib, sohaning bir bo‘lagiga aylangan ayollarning axborot-kommunikatsiyalar yo‘nalishidagi faoliyatini muhokama qilishga qaratilgan konferensiya ham tashkil etildi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi, xorijiy va mahalliy kompaniya vakillari, turli mamlakat ayollar hamjamiyatlari rahbarlari hamda sohaga befarq bo‘lmagan ayol va qizlar ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan axborot texnologiyalari sohasiga alohida e’tibor qaratilishi tufayli yurtimizga ko‘plab xorijiy IT kompaniyalar kelib malakali kadrlar qidirishayotgani uchun yoshlarimizga yuqori daromad topish imkoniyatlari kengayib bormoqda.
IT ta’lim uyushmasi hamda IT-Ladies hamjamiyati tomonidan tashkil qilingan tadbirdan asosiy maqsad sohada muvaffaqiyatli karera qurishga intilayotgan ayol va qizlarni qo‘llab-quvvatlash, to‘siqlarni bartaraf etish va mukammallikka erishish strategiyalarini muhokama qilib to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdan iborat.
Konferensiya doirasida dolzarb masalalar, xususan, professional rivojlanish, liderlik, gender tenglik, innovatsiyalar mavzularida yetakchi ekspertlar chiqishi, panel muhokamalarda ishtirokchilar dastur va tashabbuslarning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
“IT sohasida ayollar: imkoniyat va muammolar” konferensiyasi so‘ngida ilk bor axborot texnologiyalari sohasidagi ayollarning cheksiz imkoniyati va sohadagi muvaffaqiyati haqida so‘z boradigan “IT Ladies Uzbekistan” jurnalining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Doniyor Yakubov (video),
O‘zA
- Qo'shildi: 20.09.2024
- Ko'rishlar: 870
- Chop etish