Joriy yilning 26-27-iyul kunlari Bo‘stonliq tumanida davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy hokimliklar axborot xizmatlari rahbarlari uchun tashkil etilgan navbatdagi IV “Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon” mavzusidagi Milliy konferensiya va uning doirasida Media-forum o‘z ishini boshladi.
Milliy konferensiya ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, AOKA direktori Asadjon Xodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Mahmudjon Parpiyev, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi - Bosh direktor Abdulla Xursanov ishtirok etdi.
Tadbirni rasman ochib bergan Sherzod Asadov matbuot kotiblarining globallashuv, jadal islohotlar hamda istiqbolli rivojlanish davrida mas’uliyatlari, vazifalari, funksional jihatlari haqida to‘xtalib o‘tdi:
Axborot xizmati rahbari o‘z sohasida potensial bilim va tajribaga ega bo‘lishi, faoliyatini sifatli, shaffof, ochiq, tezkor yo‘lga qo‘yishi orqali davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni xalqchillik bilan yetkazishda ko‘prik bo‘lishi lozim, dedi Sh. Asadov so‘zi davomida.
Konferensiyada so‘zga chiqqan AOKA direktori A. Xodjayev matbuot kotiblarining ishida integratsiyalash shart bo‘lgan zamonaviy, innovatsion texnologik yangilanishlar, media islohotlarni turli keyslar misolida izohlab berdi.
Ayrim hollarda davlat organlari va tashkilotlarining matbuot kotiblari faoliyatida axborot muhiti talablarini inobatga olmaslik va noprofessionallik kuzatilayotgani, rahbar shaxslar nomaqbul vaziyatda ko‘rsatilgani, matbuot kotiblari media sohasi vakillari bilan samarali hamkorlik qilmayotgani haqidagi materiallar internet foydalanuvchilari e’tiroziga sabab bo‘lmoqda, dedi Agentlik direktori A.Xodjayev nutqida.
Shuningdek, feyk va dezinformatsiyalarga qarshi kurash, sun’iy intellekt yordamida tarqatilayotgan dipfeyklar ko‘lami tobora ortib borayotganligi Internet foydalanuvchilari, shu jumladan aholi o‘rtasida chalg‘itish holatlarini yuzaga keltirayotganligi, bunday vaziyatlarda matbuot kotibi dalillar taqdim etish orqali infooqim o‘zanini to‘g‘rilashi mumkinligini ta’kidladi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan Mahmudjon Parpiyev so‘z erkinligini ta’minlanishida qonunchilikka rioya qilish mezonlari to‘g‘risida to‘xtaldi.
Eslatib o‘tamiz, Milliy konferensiya doirasida panel sessiyalar boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy kanali
- Qo'shildi: 26.07.2024
- Ko'rishlar: 1241
- Chop etish