Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish – ustuvor vazifa

19 may kuni O'zbekistonda Barqaror rivojlanishni amalga oshirishning birinchi monitoringi bo'yicha Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bag'ishlangan onlayn-konferentsiya tashkil etildi, deb xabar berdi parliament.gov.uz sayti. Tadbirda 150 nafardan ziyod manfaatdor vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ushbu anjuman O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, “Yuksalish” umummilliy harakati, BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida videokonferentsaloqa tizimi orqali o'tkazildi.

Onlayn-konferentsiyaning ochilishida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so'zga chiqdi.

— Hozirgi kunda Barqaror rivojlanish maqsadlari ham BMT uchun, ham O'zbekiston hukumati uchun eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi, — dedi A.Saidov. — Prezidentimiz Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosini ta'minlashda parlamentning rolini oshirish zarurligini alohida ta'kidlagan. Shu ma'noda, bir hafta avval Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi parlament eshituvi tarzida ko'rib chiqildi, ya'ni parlament nazorati tartibida parlament monitoringi amalga oshirildi.

Mazkur tadbir esa fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusi bo'lib, ular o'ziga xos jamoatchilik eshituvini, jamoachilik monitoringini o'tkazmoqda. BMT bunday yirik hujjatlarni albatta jamoatchilikning munosabatini o'rganib, fuqarolik jamiyati institutlarining fikridan kelib chiqib, keyin qabul qilishni tavsiya etadi.

Ushbu tadbirning o'ziga xos jihati shundaki, Barqaror rivojlanish maqsadlarining Ixtiyoriy milliy hisoboti loyihasini tayyorlagan davlat organlari vakillari loyihani fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan birga faol muhokama qilmoqda. Hukumat tomonidan tayyorlangan 180 betdan iborat yakuniy hujjat BMTga fuqarolik jamiyati institutlari fikrlarini olgan holda jo'natiladi.   

Bu hisobot Barqaror rivojlanish maqsadlarining O'zbekistondagi 5 yillik ijrosiga bag'ishlangan. Shuni ham ta'kidlash kerakki, Barqaror rivojlanish maqsadlariga fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokisiz erishish mumkin emas. Shu jihatdan, ularning takliflari va tanqidlari zarur.

Onlayn-konferentsiya davomida inson huquqlari, gender muammolari, zo'ravonlik, kamsitish, ommaviy axborot vositalari, so'z erkinligini himoya qilish yo'nalishlarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida atroflicha so'z yuritildi. Ishtirokchilar mazkur yo'nalishlarda bugungi kunga qadar yurtimizda amalga oshirilgan ishlarni tahlil etib, kelgusidagi ustuvor vazifalar bo'yicha amaliy fikr va takliflarini bildirdilar.

Anjuman tashkilotchilari qayd etganidek, ushbu taklif va tavsiyalar milliy hisobot loyihasida o'z aksini topadi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech