“Barqaror taraqqiyotimiz kafolati”

Konstitutsiya davlat suverenitetining, barqaror taraqiyotining kafolati, jamiyat tinchligi va farovonligining eng asosiy tayanchi hisoblanadi. Demokratik davlatda xalq davlat hokimiyatini boshqaradi. Bunda murakkab va xilma-xil munosabatlar vujudga keladi. Ushbu munosabatlar esa  davlatning Bosh qonuni - Konstitutsiyasi negizida shakllangan qonunlar orqali tartibga solinadi.

Jamiyat o'zgaruvchan va faol bo'lganligi sababli, undagi munosabatlar ham vaqt nuqtai - nazaridan yangilanib, o'zgarib, o'ziga xos yangi  xususiyatlar kasb etib boradi. Bu esa, o'z navbatida, ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi  qonunlarni, demakki, Bosh qonun-Konstitutsiyani  ham o'zgartirib borishni  tabiiy tarzda taqozo etadi.

Frantsiyaning sobiq Prezidenti Sharl de Goll ta'biri bilan  aytganda, “Konstitutsiya bir xalqqa muayyan bir paytda yaxshi. Uni mumiyolashtirmaslik lozim”.

Hozirda dunyoda  ikki yuzga yaqin Konstitutsiya mavjud bo'lib,  ularning deyarli barchasiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi  ham bundan mustasno emas.

Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga jami 14 marotaba o'zgartish kiritilgan. Bular:

1.28.12.1993 yil (77-modda);

2.24.04.2003 yil (XVIII, XIX, XX, XXIII- boblar);

3.11.04.2007 yil (89, 93,102-moddalar);

4.25.12.2008 yil (77-modda);

5.18.04.2011 yil (78, 80, 93, 96, 98-moddalar);

6.12.12.2011 yil (90-modda);

7.16.04.2014 yil (32,78,93, 98, 103, 117-moddalar);

8.06.04.2017 yil (80,81, 83, 93, 107, 110, 111-moddalar);

9.31.05.2017 yil (80, 93, 108 va 109-moddalar);

10.29.08.2017 yil (99 va 102-moddalar);

11.15.10.2018 yil (105-modda);

12.18.02.2019 yil  (80 va 93-moddalar);

13.05.03.2019 yil (79, 93 va 98-moddalar);

14.04.09.2019 yil (96 va 117-moddalar). 

Yuqoridagi raqamlardan ham ko'rinib turibdiki, hozirga qadar Konstitutsiyamizning 128 ta moddasidan 34 tasiga 68 ta o'zgartish kiritilgan. Ya'ni, 17 ta moddaga bir marotaba,  9 ta moddaga ikki marotaba, 5 ta moddaga uch marotaba, 1 ta moddaga to'rt marotaba, 1 ta moddaga besh marotaba va 1 ta moddaga  8 marotaba o'zgartish kiritilishi ta'minlangan.

Eng ko'p o'zgartish Konstitutsiyamizning 93-moddasiga kiritilgan bo'lib, mazkur moddada respublika Prezidentining vakolatlari belgilangan.

So'nggi yillarda mamlakatimizda 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi  doirasida jamiyatni  va davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish yo'lida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Aytish mumkinki, islohotlar shamoli milliy qonunchiligimizni ham chetlab o'tmadi. Harakatlar strategiyasi qabul qilinganidan to hozirga qadar Konstitutsiyamizga  7 marotaba o'zgartish kiritildi.

Bu o'zgartishlar Parlament, sud hokimiyati, Konstitutsiyaviy sud faoliyati, ijro etuvchi hokimiyat, Toshkent shahri tumanlari faoliyati, shuningdek, saylov jarayonlarini  yanada takomillashtirishga aloqador.

Muxtasar aytganda, mamlakatimiz Konstitutsiyasi davr talablariga javoban  doimiy rivojlanishdagi  hujjatdir. Bosh qonunimizga  davr talabidan kelib chiqqan holda  o'z vaqtida va o'z o'rnida kiritilgan har bir o'zgartish bugungi barqaror taraqqiyotimizning asosi bo'lib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Mamlakatimizda  Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida va tamoyillar negizida samarali milliy qonunchilik tizimi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanib, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, davlatimizning ijtimoiy - iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalib, xalqimizning ongu tafakkuri tobora o'sib borayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.”

F.T.Xakberdieva
Jismoniy va yuridik shaxslarning
murojaatlari bilan ishlash bo'limi
bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech