Biznes-ombudsman: qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 175 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan

AOKAda Biznes-ombudsman tomonidan 2025 yilning 1 choragida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida olib borilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda Biznes-ombudsman devoni axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova quyidagilarni ma’lum qildi:

– Joriy yilning birinchi choragida tadbirkorlardan 2 382 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 650 tasi (52 foizi) bo‘yicha tadbirkorning huquqlari tiklandi, 605 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan.

Kelib tushgan murojaatlar xususiyatlari bo‘yicha tahlil etilganda, 12 foizi soliq, yer, kadastr va arxitektura, 10 foizi bank, kredit, 9 foizi sud qarori ijrosi hamda 8 foizi tekshiruvlar va boshqa masalalarga oid murojaatlar hisoblanadi.

Qolaversa, “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali tadbirkorlik sub’ektlarining 1 951 ta murojaatida 2 270 ta masala kelib tushgan bo‘lib, ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 98 foizi hal etilgan va tushuntirish berilgan.

Mazmuniga ko‘ra, murojaatlarning 14 foizi bank va kredit, 13 foizi soliq, 11 foizi yer maydoni yoki bino ajratish, 10 foizi infratuzilma, 10 foizi sud va boshqa organ hujjatlarini ijro etish, 6 foizi shartnomaviy munosabatlar va qolgan 36 foizi boshqa masalalarga tegishli.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan 23 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli organlarga 2 ta taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, 1 chorak davomida tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunchilik ijrosi bo‘yicha 5 ta nazorat organida o‘rganish o‘tkazilgan.

O‘rganishda 28 349 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, 5 ta taqdimnoma kiritilgan, mas’ul shaxslarning 194 nafariga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 37 nafariga intizomiy jazo qo‘llanilgan.

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati tekshiruvlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha qilingan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1 chorakda 30 ta nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlar faoliyatida jami 35 538 ta tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 784 tasi (2 foizi) 24 soatdan so‘ng xabardor qilgan holda o‘tkazilgan.

Tekshiruvlar qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida 6 ta nazorat organi tomonidan 109 ta noqonuniy tekshiruv o‘tkazilgani, 13 ta nazorat organi tomonidan 626 ta holatda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilganligi aniqlangan.

Qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 175 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Davlat nazoratini amalga oshirishda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash maqsadida nazorat organlarining 4 106 nafar mansabdor shaxsi ishtirokida 102 ta o‘quv seminari o‘tkazildi.

Tekshirishlarni o‘tkazuvchi xodimlarning malaka va professionallik darajasini baholash maqsadida nazorat organining 2 077 nafar xodimi attestatsiyadan o‘tkazilib, ularning 1 575 nafari (76 foizi) tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishda yetarli malakaga ega deb topildi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida birinchi chorakda jami 662 ta ta’sir chorasi qo‘llanildi. 5 ta da’vo arizasi (shikoyat), 15 ta taqdimnoma, 17 ta xulosa, 2 ta ogohnoma va 619 ta ma’muriy shular jumlasidan.

Shu bilan birga, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha Biznes-ombudsman devoni tomonidan 2 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shu jumladan, 1 ta qonun va 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqildi.

195 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ular bo‘yicha 150 ta taklif va e’tirozlar yuborildi. 3 ta tahliliy ma’lumotnoma asosida tadbirkorlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan taklif tayyorlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech