Hozirgi kunda dunyoda inson kapitali, intellektual salohiyat, innovatsion g'oyalar, yuqori texnologiyalar shiddatli va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori hisoblanadi. Jahonning tobora ko'proq mamlakatlari axborot, bilim va innovatsiyalarga asoslangan, "axborotlashgan jamiyat", "bilimlar iqtisodiyoti", "raqamli iqtisodiyot" bunyod etishga qaratilgan rivojlanish modelini tanlayotgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan Murojaatnomasida ta'kidlaganidek, "biz O'zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo'ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz".
Boshqacha aytganda, mamlakatimizning rivojlangan davlatlar safidan o'rin olishini ta'minlashdek ezgu maqsadimizga faqat ilm-ma'rifat, yuksak ma'naviyat va innovatsiyalarga tayangan holdagina erishish mumkin. Shu munosabat bilan zamonaviy bilimlarni egallash, ma'rifatli va yuksak ma'naviyatli bo'lishga intilish har birimizning hayotiy maslagimizga aylanishi lozim. Binobarin, mamlakatimizda inson kapitaliga investitsiya jalb etish masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilgani bejiz emas.
Shu nuqtai nazardan, ushbu ustuvor vazifalar sayyoramizda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni yaxshilash, insonlar farovonligini oshirishga qaratilgan xalqaro hujjat – BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining eng muhim va zarur shartlari hisoblanishini alohida ta'kidlash o'rinlidir. BMTning 2015 yil sentyabridagi sammitida tasdiqlangan mazkur hujjat 17 ta maqsadlar majmuasi va 169 ta vazifadan iborat bo'lib, jumladan ma'rifatni, intellektual salohiyatni oshirish va davlatlarning inson kapitaliga e'tiborini kuchaytirish sohasidagi vazifalar shular qatoriga kiradi.
Har qaysi davlat va xalq avvalo intellektual salohiyati, yuksak ma'naviyati bilan qudratli ekanidan kelib chiqib, O'zbekistonda 2020 yil “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb e'lon qilindi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalq manfaatlari yo'lida izchil davom ettirish maqsadida 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi. Dastur o'z mohiyatiga ko'ra keyingi yillarda yurtimizda ilm-fan va ma'rifat sohalarini rivojlantirish, yosh avlodni chuqur bilimli, madaniyatli va yuksak ma'naviyatli insonlar etib tarbiyalash, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish borasida bir necha yo'nalishda olib borilayotgan tizimli ishlarni tubdan yangi bosqichga ko'tarishga qaratilgandir.
Birinchi yo'nalish. Bugungi kunda 34 millionlik nufusga ega mamlakatimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Shu bois "kreativ jamiyat" barpo etish, yuksak intellektual salohiyatli va ilm-fanning aniq sohalari bo'yicha chuqur bilimga ega bo'lgan kreativ fikrlovchi mutaxassislarni tayyorlash ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi. Butun ta'lim tizimini takomillashtirish bo'yicha islohotlar doirasida barcha fuqarolarni qamrovdor va sifatli ta'lim bilan ta'minlash, har bir insonning umri davomida bilim olish imkoniyatini qo'llab-quvvatlash borasidagi sa'y-harakatlar zamirida ham xuddi shu ezgu intilishlarimiz o'z mujassamini topgan.
Avvalambor, ta'lim sohasining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish choralari ko'rildi. Keyingi bir necha yilning o'zida 160 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, «Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida»gi qonun hamda 2030 yilgacha ta'lim tizimining alohida bo'g'inlarini rivojlantirish bo'yicha uchta kontseptsiya qabul qilindi.
Ikkinchidan, har yili yurtimizda 700 ming nafardan ortiq bola dunyoga kelayotgani va bu holat maktabgacha ta'lim muassasalari zimmasidagi yuklamalarni tobora oshirayotganiga e'tibor beraylik. Ayni vaqtda, chaqaloqlar tug'ilishi yildan-yilga ortayotganiga qaramasdan, 2016 yili mamlakatimizda maktabgacha ta'lim muassasalari soni 45 foizdan ham ziyod qisqargan. Bunday qisqarishlar, ayniqsa, Andijon, Farg'ona, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari kabi tug'ilish darajasi yuqori bo'lgan hududlarda ko'proq kuzatilgan.
Harakatlar strategiyasida bu borada belgilangan vazifalarni bajarishda shunday sharoitlardan kelib chiqqan holda izchil ish olib borilmoqda. Xususan, maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog'ini kengaytirish, bolalarning har tomonlama intellektual, ma'naviy va jismoniy rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish, maktabgacha ta'lim tizimi bilan imkon qadar ko'proq bolalarni qamrab olish, soha pedagoglari va mutaxassislari malakasini oshirish, nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tizimini rivojlantirish choralari ko'rilmoqda.
Natijada hozirgi kunda mamlakat bo'yicha 3 - 7 yoshdagi har 100 nafar bolaga maktabgacha ta'lim muassasalarida 28,1 ta o'rin to'g'ri keladi. Joriy yil yakuniga qadar maktabgacha ta'lim muassasalari qamrovi darajasini 60 foizgacha yetkazish va bunda 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini tatbiq etish ishlari jadal bormoqda. 2030 yil yakuniga qadar 3 - 7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalari tizimi bilan qamrash darajasini 80,8 foizga yetkazish, soha pedagog xodimlari sonini esa 247,7 ming nafarga oshirish ko'zda tutilgan.
Uchinchidan, yurtimizda xalqaro tajriba va hozirgi davr talablari asosida umumiy o'rta ta'limning sifatini oshirishga e'tibor qaratilmoqda. Xususan, 11 yillik umumiy o'rta ta'lim qayta tiklandi.
Keyingi yillarda 160 dan ortiq umumta'lim maktabi, shuningdek, Prezident maktablari, ulug' allomalarimiz nomlari bilan ataladigan ixtisoslashgan maktablar, ijod maktablari, «Temurbeklar maktabi» timsolidagi innovatsion maktablar barpo etildi. Mavjud umumta'lim muassasalarining kamida 3 foizini – joriy yilda, qariyb 50 foizini 2030 yilga qadar "Zamonaviy maktablar"ga aylantirishga qaratilgan mutlaqo yangi kontseptsiya amalga oshirilmoqda. Shu yilning o'zida 36 ta yangi maktab qurilib, 211 ta maktab kapital ta'mirdan chiqariladi.
Farzandlarimizning xorijiy tillarni, shuningdek, informatika, matematika, fizika, ximiya, biologiya kabi muhim va davr talabiga mos fanlarni chuqur o'zlashtirishlari ta'minlanmoqda. Ayni paytda maktablarda aniq fanlar bo'yicha amaliy mashg'ulotlarga ta'lim vaqtining atigi 10 foizi ajratilayotgan bo'lsa, bu ko'rsatkichni tadrijiy asosda rivojlangan mamlakatlar darajasiga, ya'ni 30-50 foizga yetkazish mo'ljallanmoqda. Shu maqsadda 70 mingdan ziyod sinf xonalari zamonaviy o'quv-laboratoriya uskunalari va komp`yuter texnikasi bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, maktab o'quv dasturlari ilg'or xorijiy tajriba asosida takomillashtirilib, darsliklar va o'quv adabiyotlarining sifati yanada oshiriladi.
O'zbekistonning 2030 yilga kelib PISA – Xalqaro darajada o'quvchilarni baholash dasturi reytingi bo'yicha dastlabki 30 ta yetakchi mamlakat safidan joy olishini ta'minlash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, uzluksiz ta'lim, shuningdek soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimlari mazmun-mundarijasini tubdan yangilash rejalashtirilgan.
Prezidentimizning mashhur besh tashabbusini amaliyotga tatbiq etish doirasida «Barkamol avlod» Respublika va mintaqaviy bolalar maktablari tashkil etildi. Maktabdan tashqari ta'lim samaradorligini oshirish uchun ochilgan ushbu muassasalarda «STEAM-ta'lim» dasturi tatbiq etilmoqda (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – muhandislik, Art – san'at, Mathematics – matematika).
To'rtinchidan, oliy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Oliy o'quv yurtlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda va yangilanmoqda, ular zamonaviy ilmiy-o'quv laboratoriyalari va AKT vositalari bilan jihozlanmoqda. Ta'lim jarayoniga ilg'or pedagogik texnologiyalar, xalqaro ta'lim standartlariga asoslangan o'quv dasturlari va o'quv-uslubiy qo'llanmalar tatbiq etilmoqda.
Oliy ta'lim qamrovi darajasini 50 foizdan ham oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bunda, jumladan, oliy ta'lim tizimida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, sohada sog'lom raqobat muhitini yuzaga keltirish, sirtqi va kechki ta'lim shakllarini tiklash masalalariga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
So'nggi yillarda 36 ta yangi oliy o'quv yurti ochildi. Bugun mamlakatimizda 116 ta institut va universitet, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Singapur kabi mamlakatlar yetakchi oliy o'quv yurtlarining filiallari faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, 2019/2020 o'quv yilida 59 ta oliy o'quv yurtida –sirtqi, 10 ta oliy o'quv yurtida esa kechki ta'lim shakli joriy etildi.
Natijada mamlakat oliy o'quv yurtlarida bakalavriat yo'nalishida ta'lim oladigan talabalar 410 ming nafarga, magistratura yo'nalishi ixtisosliklari bo'yicha ta'lim olayotgan yoshlar soni esa 13 ming nafarga yetdi. Ya'ni, bu ko'rsatkichlar keyingi uch yilda 1,7 barobar ortdi. O'z navbatida, 2020/2021 o'quv yilidan boshlab mamlakatimiz oliy o'quv yurtlariga davlat granti asosida o'qishga qabul qilish bo'yicha davlat buyurtmasi bosqichma-bosqich asosda ikki barobarga oshiriladi.
Ayni chog'da, O'zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakat oliy o'quv yurtlarining bayroqdorlariga (flagmanlariga) aylanishini ta'minlashga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Ilk bor O'zbekistondagi kamida 10 ta oliy o'quv yurti xalqaro tashkilotlar tomonidan e'tirof etilgan 1000 ta oliy o'quv yurti ro'yxatidan joy olishiga erishish choralari ko'rilmoqda.
Bundan tashqari, oliy o'quv yurtlarining bosqichma-bosqich asosda akademik va moliyaviy mustaqillikka erishishi ta'minlanayotir. Joriy yilda 10 ta oliy o'quv yurti o'zini o'zi moliyalashtirish tizimiga o'tadi, tanlov asosida saralangan 5 ta oliy o'quv yurtini esa xorijning nufuzli oliy o'quv yurtlari bilan yaqin hamkorlikda transformatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Oliy ta'lim muassasalarida 2020/2021 o'quv yilidan o'tiladigan fanlar soni ikki barobar qisqaradi va bu jarayonga asosiy mutaxassislikka aloqasi bo'lmagan darslarni qisqartirish nuqtai nazaridan yondashilayotgani juda muhimdir.
Oliy o'quv yurtlarida o'tiladigan fanlar bilan akademik fanlar va iqtisodiyotning real sektori o'rtasidagi integratsiyani kuchaytirish singari dolzarb masalalar ham doimiy e'tiborda turibdi.
Ikkinchi yo'nalish. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, mamlakatimiz ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda ilm-fanning rolini kuchaytirish, innovatsion iqtisodiyotga o'tish, fan bilan ishlab chiqarish o'rtasidagi integratsiyani mustahkamlash, ilmiy faoliyat va olimlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashni davrning o'zi talab qilmoqda.
Ilm-fan sohasini rag'batlantirish borasida bir qator tashkiliy-huquqiy ishlar bajarildi. 2019 yil 29 oktyabrda " Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida"gi qonun qabul qilindi. Mamlakatimizning innovatsiya sohasidagi ilg'or davlatlar safidan joy olishini ta'minlashga qaratilgan muhim hujjat, ya'ni O'zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Shuningdek, Fan va texnologiyalar bo'yicha respublika kengashi tuzildi. Innovatsiya vazirligi tashkil etildi, bir qator innovatsiya markazlari, ilmiy klasterlar va texnoparklarning faoliyati yo'lga qo'yildi.
Albatta, ilmiy tadqiqot faoliyatini tashkillashtirish tizimida O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi alohida o'rin tutadi, binobarin bu yerda yurtimizning salmoqli intellektual salohiyati jamlangan. Shu munosabat bilan Fanlar akademiyasi tarkibida bir qancha ilmiy tadqiqot muassasalari tashkil etilgan, Akademiyaning Qoraqalpog'iston va Navoiy bo'limlari hamda Xorazm Ma'mun akademiyasining maqomi kuchaytirilgan. Fanlar akademiyasi qoshidagi tadqiqot muassasalari soni 20 tadan 35 tagacha ko'paytirildi. Akademiyaga a'zolar saylovi qayta tiklandi.
Keyingi uch yilda ilm-fan sohasini moliyalashtirish hajmi to'rt barobar oshdi. Ilmiy xodimlarning oylik maoshlari miqdori uch barobar ko'paydi, fan doktorlari va nomzodlari uchun alohida ustama haqlar belgilandi. Joriy yildan boshlab Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlar bevosita Davlat byudjetidan moliyalashtirilmoqda.
Yaqin orada ishlab chiqiladigan ilm-fan sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida o'rta va uzoq istiqbolga mo'ljallangan ilmiy, texnologik va innovatsion rivojlanish uchun zarur chora-tadbirlar o'z aksini topadi. Chunki bugun yurtimizda ilm-fan sohasining aniq ustuvor yo'nalishlari belgilab olingan, matematika, fizika, ximiya va biologiya, geologiya sohalaridagi ilmiy tadqiqotlar ko'lamini kengaytirish hamda fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grantlar taqdim etish mexanizmlarini tubdan qayta ko'rib chiqish choralari rejalashtirilgan.
Xususan, dunyoda yuqori baholanadigan o'zbek matematika fanining salohiyatini hisobga olgan holda, har bir tuman markazida matematika fanini o'rgatishga yo'naltirilgan maktablar tashkil etish orqali yoshlarning bu fanga qiziqishini oshirish ko'zda tutilmoqda. Kelgusida bolalar uchun tushunarli va ommabop tilda matematika bo'yicha darslik hamda qo'llanmalar yaratilishi ham, shubhasiz, farzandlarimizning ongu tafakkurini bolalik davridan chiniqtirib borishga xizmat qiladi.
Istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida fikr yuritganda, mamlakatimizda ximiya yo'nalishi bo'yicha faoliyat ko'rsatayotgan va 250 nafardan ortiq ilmiy xodimni o'zida jamlagan 4 ta ilmiy tadqiqot muassasasini qo'llab-quvvatlash masalasini alohida qayd etish lozim. Ushbu muassasalarning ilmiy ishlanmalari asosida o'g'itlar, defoliantlar, o'simliklar yaxshi o'sishi uchun zarur moddalarning yangidan-yangi turlarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda. Joriy yildan boshlab ana shu ilmiy ishlanmalarning samaradorligini yanada kuchaytirish, umuman, ximiya tarmog'idagi ta'lim va ilmiy tadqiqot faoliyatini takomillashtirish bo'yicha tizimli choralarni amalga oshirishga kirishildi.
Jahon bozoridagi tendentsiyalar va xalqaro ilm-fan sohasi talablari agro- va biotexnologiyalarni, jumladan, oziq-ovqatlar to'g'risidagi fan, biotibbiyot va dorishunoslik biotexnologiyasini yalpi rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu ma'noda, biologiya fanini qo'llab-quvvatlash – farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, tibbiyot, oziq-ovqat sanoatining ilmiy va texnologik asoslarini rivojlantirish borasida muhim ishlar qilinmoqda. Bugun fanning ushbu sohasida salkam 600 nafar ilmiy xodimni o'zida jamlagan 7 ta ilmiy tadqiqot muassasasi faoliyat yuritayotgani diqqatga loyiqdir.
Yana bir ustuvor yo'nalish – geologiya sohasi bo'lib, u sanoatni mineral-xom ashyo bazasi bilan ta'minlashda muhim o'rin tutadi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 2 mingdan ziyod kon mavjud va ularda 70 xildan ortiq foydali qazilmalar borligi aniqlangan. Davrning o'zi ushbu sohaga ilg'or ilmiy uslublar va innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etishni talab qilmoqda. Shunday ekan, yaqin orada Toshkent shahrida Geologiya fanlari universitetini tashkil etish ko'zda tutilgani bejiz emas.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlar samaradorligini jahon darajasigacha ko'tarish, yurtimizning oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan turdosh yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar o'rtasida hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Bu yil birgina «El-yurt umidi» fondi orqali 700 nafardan ortiq olim, professor va o'qituvchilar ilmiy tadqiqot olib borish hamda malaka oshirish uchun xorijiy safarlarga yuboriladi. Qolaversa, grantlar miqdori ikki barobar oshirilib, tadqiqot yo'nalishlari yanada kengaytiriladi.
Uchinchi yo'nalish. Zamonaviy dunyoda axborot-kommunikatsiya va raqamli texnologiyalar barcha sohalarda yetakchi o'rinni egalladi. Bu barqaror taraqqiyotga, har tomonlama yuksalishga erishishning zarur shartidir.
Shuning uchun mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotga o'tish yaqin besh yillikning ustuvor vazifasi etib belgilandi va joriy yilda bu yo'nalishda tub burilish yasaydigan o'zgarishlar amalga oshirilayotir. Xususan, «Raqamli O'zbekiston – 2030» dasturi ishlab chiqilayapti. Qurilish, energetika, qishloq va suv xo'jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog'liqni saqlash, ta'lim, arxiv ishlari kabi sohalar to'la raqamlashtiriladi.
Toshkentda bunyod etilayotgan zamonaviy infratuzilmaga ega IT-park misolidagi ijobiy tajriba asosida Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida ham xuddi shunday parklar tashkil etiladi. Axborot texnologiyalari sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Zamonaviy axborot texnologiyalari ta'lim, sog'liqni saqlash, jamiyat va davlat boshqaruvi tizimlarining barcha bosqichlariga joriy etilmoqda. Ayni paytda 7 mingta sog'liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta'limi muassasalari yuqori tezlikdagi internetga ulangan bo'lsa, 2022 yilda ularning soni 19 mingtaga yetadi. Agar 2019 yilda barcha shaharlar va tuman markazlarini yuqori tezlikdagi internetga ulash ishlari yakuniga yetkazilgan bo'lsa, 2022 yilda jami qishloqlar va mahallalar bunday imkoniyat bilan ta'minlanishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun zarur sharoitlar yaratish jarayoni nafaqat ijro etuvchi hokimiyat, balki parlament, fuqarolik jamiyati institutlari, tadbirkorlik sub'ektlarining ham faol ishtirokini taqozo etadi.
Parlament davlat bilan xalq o'rtasida barqaror munosabatlarni ta'minlashda muhim rol o'ynaydi. Parlament qo'mitalarining nazorat funktsiyalaridan samaradorlik bilan foydalanish Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim vositalaridan hisoblanadi. Bu vosita parlament vakillariga qonun ijodkorligini amalga oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayonlaridagi o'zgarishlarni xolis baholash imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda parlamentimiz Barqaror rivojlanishning milliy maqsadlariga erishishni ta'minlash borasida yetarlicha vakolat va imkoniyatlarga ega. Buni ilm-fan, ma'rifat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi vazifa va vakolatlarimiz misolida ko'rib chiqaylik.
Birinchi vazifa – bu parlamentning qonun ijodkorligi funktsiyasidir. Xususan, Davlat dasturi doirasida 30 tadan ziyod kodeks va qonunlar, 10 tadan ortiq strategiya va kontseptsiyalarni ishlab chiqish ko'zda tutilgan.
Bunda, jumladan, deputatlarning va siyosiy partiyalar fraktsiyalarining tashabbuskorlik ko'rsatishi, «jamoatchilik ekspertizasi» tashkil etilib, qonun loyihalarining joylarda keng muhokamadan o'tkazilishi muhim ahamiyatga ega.
Ma'lumki, qonun loyihasi parlamentda uchta «o'qish»da va yalpi majlislarda ko'rib chiqiladi. Loyihalar muhokamasiga jamoatchilik vakillari, ekspertlar va mutaxassislarning keng jalb etilishi qo'mitalar, fraktsiyalar va parlament majlislarida qonunlar matni o'z vaqtida maromiga yetkazilishining muhim omilidir.
Ikkinchi vazifa – barqaror rivojlanishning belgilangan maqsadli mezonlariga erishish borasida parlament nazorati samaradorligini kuchaytirish zarurati. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, uning qo'mitalari amaliyotidan quyidagi tartib-taomillar mustahkam o'rin olishi darkor:
- davlat organlari va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o'z faoliyati to'g'risidagi axborotlarini, shuningdek Hukumat a'zolari va tarmoqlar rahbarlarining BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ilm-fan, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlariga doir hisobotlarini muntazam eshitib borish;
- «jamoatchilik eshituvlari»ni, qo'mita majlislarini o'tkazish va ushbu tadbirlarda manfaatdor fuqarolar, tomonlar, ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan bog'liq materiallarni taqdim etish va ushbu hujjatning muayyan yo'nalishlariga taalluqli takliflarini qonun loyihalariga kiritish uchun tavsiya etishlariga imkoniyat yaratish;
- joylarda «jamoatchilik forumlari»ni o'tkazish va bu jarayonda fuqarolar ta'lim, fan va axborotlashtirish kabi sohalardagi ahvol haqidagi masalalar yuzasidan o'z nuqtai nazarini bildirishlari uchun ularga minbar berish. Bunday forumlar deputatlar tomonidan o'z saylov okrugi doirasida yoki tuman yo shahar kesimida tashkil etilishi mumkin.
Uchinchi vazifa – har yilgi davlat byudjeti, jumladan, mahalliy byudjetlarni Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi tegishli dasturlar va tadbirlarning qanchalik moliyalashtirilganligi nuqtai nazaridan ko'rib chiqish.
To'rtinchi vazifa – siyosiy partiyalar fraktsiyalari tomonidan markazda va joylarda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bilan bog'liq vaziyatni tahlil qilish va elektorat bilan maslahatlashuvlar o'tkazish ishlariga o'z partiyaviy tuzilmalari salohiyatining jalb qilinishi.
Beshinchi vazifa – fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy tadqiqot va tahlil markazlari, «ijtimoiy media» vositalari bilan yaqin hamkorlik o'rnatish.
Oltinchi vazifa – Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda «parlament diplomatiyasi»ning ahamiyati beqiyosdir. Bunda, ayniqsa, fan, texnika va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish yo'lida o'zaro bilimlar almashinuvini rag'batlantirish kabi omillar muhim o'rin tutadi.
Shunday qilib, qo'lga kiritilgan yutuqlarni va istiqboldagi vazifalarni inobatga olgan holda, parlamentimiz
Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning bajarilishi, O'zbekiston tomonidan 2030 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan barqaror rivojlanishning milliy maqsadlariga erishilishi, jamiyatimiz va
davlatimizning barqaror taraqqiyot printsiplari asosida yanada ravnaq topishi yo'lida o'z kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Zero, bu – mamlakatimiz va milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirishning
garovi. Bu – O'zbekistonning kuch-qudrati va salohiyatini mustahkamlash, Vatanimizning yanada gullab-yashnashi va xalqimiz farovon yashashining hal qiluvchi omilidir.
Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi
Spikerining birinchi o'rinbosari
- Qo'shildi: 28.03.2020
- Ko'rishlar: 5355
- Chop etish