BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze Xivada o‘tkazilgan forumda onlayn ishtirok etdi.
BMT Bosh kotibining maxsus vakili Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu forumni qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorligini bildirdi.
– Ushbu forum O‘zbekistonning mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim rolini yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi K.Imnadze. – O‘z navbatida, xalqaro maydonda murakkab holat, qarama-qarshilik saqlanib turgan bir vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror hamkorlikning namunasini namoyish etmoqda. Bunda, davlat rahbarlari o‘rtasidagi Maslahat kengashi mexanizmi asosiy rol o‘ynamoqda.
K.Imnadze mazkur forum parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvini rivojlantirish, mavjud muammolar bo‘yicha o‘zaro yechimlar topishda ijobiy rol o‘ynashini qayd etdi.
BMT Bosh kotibi A.Guterrish ham parlamentlarning tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ilgari surishda hal qiluvchi ahamiyatini ta’kidlagan. Ayniqsa, Barqaror rivojlanish maqsadlariga parlamentlar ishtirokisiz erishib bo‘lmasligini bildirgan.
BMT vakili forum kun tartibiga ayollar va yoshlar masalalari kiritilgani tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq masala ekanini e’tirof etdi. Bu o‘rinda Markaziy Osiyoda parlamentlar gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda hal qiluvchi rol o‘ynayotganini qayd etib, O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi faoliyati, jumladan, Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotini tashkil etish va rivojlantirishdagi natijalarini e’tiborga molik ekanini ta’kidladi.
K.Imnadze BMT Markaziy Osiyo bilan transchegaraviy suvlardan foydalanish, muzliklar erishi, geder tenglik, yoshlar faolligini oshirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat),
O‘zA
- Qo'shildi: 12.09.2024
- Ko'rishlar: 896
- Chop etish