24 oktyabr kuni butun dunyoda, jumladan, O'zbekistonda ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topgan kun keng nishonlandi. Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasida bo'lib o'tgan tantanali anjumanda barcha a'zo-davlatlar vakilllari bir daqiqa tik turib sukut saqlash orqali BMT Nizomiga o'z hurmat-ehtiromlarini namoyish etdilar.
Binobarin, BMT Nizomi 1945 yil 26 iyunda San-Frantsisko shahrida 50 ta davlat, jumladan, sobiq SSSR, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH, Ukraina va Frantsiya tomonidan imzolangan bo'lib, xalqaro huquqning muhim vositasidir. 1945 yil 24 oktyabrda kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. 24 oktyabr` BMT tashkil topgan kun sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi.
Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, tom ma'noda universal xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMT davlatlarning o'z sarhadlaridan tashqariga chiqadigan masalalarni hal etib kelmoqdaki, bu muammolarga bironta mamlakatning yolg'iz o'zi yechim topishi mumkin emas.
Bundan 28 yil oldin yangi demokratik davlat – O'zbekiston Respublikasi – Tashkilotning teng huquqli a'zosiga aylandi. Shundan buyon biz o'z masalalarimizni hal etishda har doim BMTning ko'magiga tayanib kelmoqdamiz.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek, "Oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmaydi va shuning uchun barcha sa'y-
harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. Biz nafaqat so'zlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim".
O'zbekiston Bosh kotib Antoniu Guterrishning BMTni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan sa'y-harakatlarini to'la qo'llab-quvvatlaydi.
Bugungi kunda BMT oldida butun insoniyat uchun o'ta muhim ahamiyatga ega bo'lgan dolzarb vazifalar turibdi. Bular – turli mojarolarni hal qilish, xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, iqlim o'zgarishlari oqibatlarini bartaraf etish, pandemiyalarning tarqalib ketishiga yo'l qo'ymaslik, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash kabi vazifalardir.
O'zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o'z zimmasiga olgan majburiyatlarini og'ishmasdan bajarib kelmokda.
Yangi tashabbuslar va qo'shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O'zbekiston tomonidan BMT bilan o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi va izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatdagi vazifalarning to'liq ro'yobga chiqarilishi munosabatlarimizni yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek, "O'zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o'z zimmamizga olgan majburiyatlarimizni og'ishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yo'nalishlaridan biridir".
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning fikricha, Prezidentimiz 2020 yil 22 iyunda imzolagan Farmon bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolangan tarixiy kun arafasida tasdiqlanganida o'ziga xos ramziy ma'no bor.
Birinchidan, BMT Nizomining 1945 yil 26 iyun kuni imzolangani jahon jamoatchiligi uchun qanchalik ulkan tarixiy ahamiyat kasb etgan bo'lsa, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi xalqimiz uchun shunchalik muhim tarixiy qimmatga egadir.
Ikkinchidan, BMT Nizomida aks etgan xalqaro printsip va normalar yer yuzidagi insonlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligiga tayanadi. Farmonda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasini tuzish tavsiya etilgan. Shu birgina dalilning o'ziyoq Milliy strategiyada belgilab berilgan vazifalar ham global hamkorlik printsipiga tayanishini yaqqol anglatib turibdi.
Uchinchidan, BMT Nizomi inson huquqlarini himoya qilish sohasida global qo'llab-quvvatlangan birinchi hujjatdir. O'z navbatida, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarda belgilab berilgan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida yagona va muvofiqlashtiruvchi siyosatning samarali vositasi bo'lishiga shak-shubha yo'q.
Keyingi yillarda O'zbekiston tashabbuslari BMT darajasida faol qo'llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizga BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari, Diniy e'tiqod bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tashriflari beqiyos ahamiyatga ega bo'ldi.
2018 yil noyabrda Samarqand shahrida BMT tashkil etilganidan so'ng 70 yil davomida Osiyo mintaqasida birinchi marta Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi bo'lib o'tdi. Forumda BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tarqatilgan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Joriy yilga belgilangan Samarqand forumi pandemiya sabab videokonferentsiya shaklida tashkil etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o'zbek tilida so'zlagan nutqi ham butun dunyo jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Davlatimiz rahbari bu galgi nutqida inson huquqlari, xotin-qizlar, ayniqsa, dunyo yoshlari huquqlarini ta'minlash, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yo'laklariga integratsiyasini chuqurlashtirish kabi o'ta muhim masalalarga alohida e'tibor qaratdi.
Eng muhimi, Prezidentimiz O'zbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng ko'lamli va o'zaro manfaatli sheriklikni, BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyorligini ma'lum qildi.
O'zbekiston Prezidentining tashabbuslarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi qizg'in kutib oldi. Bugun ushbu muhim tashabbuslarni ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 27.10.2020
- Ko'rishlar: 4396
- Chop etish