Parlament quyi palatasining majlisida oilaviy (maishiy) zo‘ravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
— Jamiyatning asosi bo‘lgan oila mustahkamligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, oiladagi turli zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova. — Ammo ushbu choralarga qaramay, oiladagi zo‘ravonlik holatlari ortib bormoqda. Jumladan, 2023 yilda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan xotin-qizlarni himoya qilish maqsadida 40 ming 55 ta himoya orderi berilgan. Joriy 6 oy davomida berilgan himoya orderlari 21 ming 818 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga ko‘paygan.
Bundan tashqari, bolalarga nisbatan ham oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘layotgani achinarli hol. Shu sababli ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik to‘g‘risidagi 126/1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to‘ldirilmoqda. Amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasi “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin berilishi mumkin” mazmunidagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasining muhimligi hamda oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etilib, ikkinchi o‘qishda ham qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 16.07.2024
- Ko'rishlar: 1193
- Chop etish