Avval xabar berganimizdek, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda “Tashabbusli budjet” uchun ayrim soha vakillarining ovoz yig‘ish ishlariga jalb qilinganligi holatlari atroflicha o‘rganildi.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha Buxoro viloyati Romitan tumani 18-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi direktori tomonidan maktab o‘qituvchilarini lavozim yo‘riqnomasiga kirmaydigan “Tashabbusli budjet” loyihasiga ovoz yig‘ishga majburan jalb qilganligi aniqlanib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi ikkinchi qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida maʼmuriy jarima qo‘llanildi.
Milliy komissiya barcha masʼullarni, shuningdek, ish beruvchilarni, hudud rahbarlarini xodimlarning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashga chaqiradi.
Shu o‘rinda Konstitutsiyamizga muvofiq har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga egaligi, shuningdek, mamlakatimizda majburiy mehnat taqiqlanganligi hamda milliy qonunchiligimizda bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik belgilanganligi haqida eslatib o‘tamiz.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib
mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya
- Qo'shildi: 10.09.2024
- Ko'rishlar: 1031
- Chop etish