DAVLAT DASTURI MOHIYATI: mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash sohasidagi xalqaro standartlar va insonparvarlik tamoyili keng joriy etiladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining kuni kecha matbuotda e'lon qilingan "2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"gi farmonida shu maqsadga qaratilgan bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.

Farmonning 23-bandiga muvofiq:

2021 yil 1 aprelga qadarOliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o'tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimini yo'lga qo'yish choralarini ko'rish tavsiya etildi;

2021 yil 1 iyunga qadar jazoni yengilrog'i bilan almashtirish va shartli ozod qilish to'g'risida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga o'tkaziladi;

2021 yilda 6 tagachamanzil-koloniyalar qisqartiriladi.

Shuningdek, Farmonning 2-bandida qayd etilgan koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlash choralarini davom ettirishga doir chora-tadbirlar tadbirkorlar huquqlarini yanada mustahkamlaydi.

Hujjatning 3-bandida yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj talabalarni himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy adolat tamoyilini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.

Farmonning 4-bandida respublikada talab yuqori bo'lgan kasblar bo'yicha iqtidorli mutaxassislarni nufuzli xorijiy ta'lim, ilmiy va boshqa muassasalarda tayyorlashning samaradorligini tubdan oshirish bo'yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Shuningdek, 5-bandda  fizika fani va chet tillari bo'yicha uzluksiz ta'lim sifati va natijadorligini oshirish yuzasidan amaliy choralar ko'zda tutiilgan.

Agar 7-banddagi vazifalar aholi salomatligini mustahkamlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga bag'ishlangan bo'lsa, 8-bandda – ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ta'lim olishi va kasb egallashiga ko'maklashish, og'ir kasallikka chalingan bolalarni davolash, 9-bandda – nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash, 10 va 11-bandlarda esa pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish borasida yangicha amaliy mexanizmlarni tatbiq etish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Prezident Farmonida iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan, kambag'allikni qisqartirish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o'sishning poydevorini yaratish bilan bog'liq dolzarb vazifalar ham belgilangan.

Bu vazifalarning o'z vaqtida va to'la bajarilishi, shubhasiz, mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash sohasidagi xalqaro standartlar va insonparvarlik tamoyili keng joriy etilishi yo'lida muhim amaliy qadamlar bo'ladi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech