Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilardan umumiy ovqatlanish shoxobchalari: restoran, kafe, oshxona va bufetlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlarda sanitariya-gigiyena talablari buzilayotgani, narxlarni oshirib qo‘llash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotgani yuzasidan 250 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Raqobat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan hamkorlikda respublikada faoliyat yuritayotgan 700 ga yaqin ovqatlanish korxonalarida tanlanma asosida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, umumiy ovqatlanish sub’ektlari tomonidan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda ovqat tayyor bo‘lish vaqti, narxi va to‘lash shartlari haqida to‘g‘ri tushunarli ma’lumot taqdim etilmagan. Shuningdek, taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari ko‘rsatilmagani, yo‘l bo‘yida sanitar qoidalarga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashdagi muammolar aniqlandi.
O‘rganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining 524 tasida taomnoma davlat tilida emas. 480 tasida ish rejimi ko‘rsatilmagan. 449 tasida narxnomalar mavjud emas. 429 tasida avtoturargohlar, 519 tasida favqulodda vaziyatlar uchun chiqish yo‘laklari yo‘q.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga tegishli tartibda ma’lumotlar kiritildi.
Yuqorida keltirib o‘tilgan talablar buzilishiga duch kelib, huquqlari buzilgan iste’molchilarga, Raqobat qo‘mitasining 1159 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.
N.Rahmonova, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 21.10.2024
- Ko'rishlar: 598
- Chop etish