Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlari tinchlik instituti (USIP) hamda “DIALOG” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida “Hamjamiyatlar darajasida, genderga sezgirlik yondashuvi asosida reabilitatsiya, reintegratsiya jarayonini amalga oshirish uchun milliy va mahalliy darajadagi manfaatdor tomonlar salohiyatini oshirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda nizoli va mojaroli hududlardan qaytarilganlar, ayniqsa ayollarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiyalash masalasi muhokama qilindi.
Ishtirokchilar asosiy e’tiborni psixologik, ijtimoiy va iqtisodiy reintegratsiyaga qaratib, ziddiyatli hududlardan qaytarilgan ayollar, bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks yondashuv va ilg‘or tajribaga murojaat qilishdi. Xususan, Suriya va Iroqdan repatriatsiya qilinganlarga yanada samarali yordam berish uchun davlat idoralari va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
– Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi doirasida “qaynoq nuqtalar”dan olib kelingan ayollar va bolalar davlat, jamoat tashkilotlari, mehr-oqibatli fuqarolarimiz ko‘magida jamiyatda o‘z o‘rnini topayotgani quvonarli, – deydi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva. – Mehrga tashna bu insonlar barcha qulayliklar yaratilgan sog‘lomlashtirish muassasasiga joylashtirilib, issiq ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlandi. Ularga davlat va nodavlat tashkilotlari mutaxassislari tomonidan tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatildi. Bolalar maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablariga, xotin-qizlar esa ishga joylashtirildi. Bir so‘z bilan aytganda, sog‘lom, tinch hayotga qaytish, jamiyatga to‘laqonli moslashish uchun zarur shart-sharoit yaratildi. Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi – pasport, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirildi.
Umuman, Yaqin Sharqda, jang kechayotgan hududlardagi lagerlarda ushlab turilgan hamyurtlarimizni qaytarish tadbirlari maxsus xizmatlar tomonidan muntazam ravishda olib borilyapti.
Davra suhbati Reabilitatsiya qilish va reintegratsiyalashda genderga sezgirlik yondashuvining mintaqaviy tendensiyalari va istiqboli, AQSH tinchlik instituti moliyaviy ko‘magida Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshirilgan loyiha tajribasi va tahliliy ishlar taqdimoti, Nizoli va mojaroli hududlardan qaytarilgan bolalar va oilalar reintegratsiyasi, zaif toifadagi shaxslar imkoniyatini kengaytirishga yordam berish, Suriya va Iroqdan qaytarilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiyalashda muvafaqiyatli natijaga erishish maqsadida ishlab chiqiladigan “Yo‘l xaritasi”ga tavsiya va takliflar berish mavzuslarini qamrab oldi.
– Loyihada xorijiy hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz, – dedi USIP vakili Barmak Bajvak. – Kongress tomonidan asos solingan tashkilotimiz mojarolarsiz dunyo global xavfsizlik uchun juda muhim, degan g‘oyani targ‘ib etadigan milliy, partiyasiz, mustaqil institut. Biz mojaroli mintaqalarda zo‘ravonlikka asoslangan nizolarning oldini olish, vaziyatni yumshatish va hal qilishda mahalliy hamkorlarga ko‘maklashamiz. Missiyamizni tadqiqot, siyosat, o‘quv, tahlil va to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakatlarni o‘zaro bog‘lash orqali amalga oshiramiz, tinch, inklyuziv dunyo qurishga intilayotganlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Tadbir davomida Iroq, Afg‘oniston va Suriyadan qaytarilgan ayollar va bolalarga ijtimoyi, ruhiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchilar salohiyatini oshirishni nazarda tutuvchi loyiha ham ko‘rib chiqildi. Chunonchi, 2023 yil noyabr oyida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik Respublika markazi hamda “Dialog” NNT mazkur tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha muzokara olib borgan. Hamkorlikda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlangan.
Ayni jarayonda Oila va xotin qizlar qo‘mitasi hamda tashhis markazi ko‘magida loyihaning maqsadini tushuntirish, vazifalarini belgilash, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy hokimiyat, davlat idoralari, xotin-qizlar faollari, maktab psixologlari bilan joylarda uchrashuvlar tashkil etilgani qayd etildi.
Muharrama Pirmatova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 15.11.2024
- Ko'rishlar: 188
- Chop etish