Korruptsiya — bu aksariyat jamiyatlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga putur yetkazuvchi jiddiy jinoyatdir. Biror bir mamlakat, biror bir mintaqa, biror bir jamiyat korruptsiyadan immunitetga ega emas.
Korruptsiya poraxo'rlik, ijtimoiy iste'mol uchun mo'ljallangan tovar va xizmatlarni noqonuniy o'zlashtirish, urug'-aymoqchilik, mahalliychilik kabi ko'rinishlarga ega.
Korruptsiya tadbirkorlikka, fanga, ta'limga, sog'liqni saqlashga va boshqa ko'plab sohalarga jiddiy zarar yetkazadi, mamlakat korruptsiyalashgan tizimda muvaffaqiyatli rivojlana olmaydi. Chunki u umumiy boylikning qisqarishiga yoki turg'unligiga olib keladi.
Oqibatda, insonlarga to'lanishi kerak bo'lgan mablag' vositalari qisqarib, bu aholi yashash sharoitlariga salbiy ta'sir qiladi. Bularning hammasi davlat hokimiyati organlariga bo'lgan ishonchga putur yetishiga sabab bo'ladi.
Bugungi kunda butun jahondagi yillik poraxo'rlik hajmi 1 trillion dollar deb baholanmoqda. Jahon iqtisodiyoti korruptsiyaviy faoliyat tufayli yana 2,6 trillion dollar yo'qotayapti. Bu vositalar global yalpi ichki mahsulotning 5 foizidan ko'pini tashkil qiladi. BMT Taraqqiyot dasturi ma'lumotlariga ko'ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda korruptsiya bilan bog'liq yo'qotishlar rivojlanish maqsadlari uchun rasmiy yordam hajmidan 10 baravardan ko'proqni tashkil etmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan 2004 yildan boshlab har yili 9 dekabrda Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuni butun dunyoda nishonlanadi. Shu kuni 2003 yilda Meksikaning Merida shahrida bo'lab o'tgan yuqori darajadagi siyosiy konferentsiyada BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi imzolash uchun ochiq deb e'lon qilingan.
Korruptsiyaga qarshi konventsiya 2005 yil dekabrda kuchga kirgan. Hozirgi kunga qadar unga 186 ishtirokchi qo'shilgan. O'zbekiston ushbu Konventsiyaga 2008 yilda qo'shilgan.
Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuni joriy qilinishidan asosiy maqsad, Bosh Assambleya rezolyutsiyasida ko'rsatilishicha, korruptsiya muammosining oldini olish va unga qarshi kurashishda Konventsiyaning rolini kengroq anglashdan iborat. Shundan kelib chiqib, ko'pgina mamlakatlarda shu kuni uchrashuvlar, konferentsiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlar o'tkaziladi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish O'zbekiston Respublikasida davlat faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbari 2016 yil oktyabrda, ya'ni O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatidagi ilk saylovoldi ma'ruzasidayoq mahalliychilik va urug'-aymoqchilik kabi illatlar barobarida O'zbekistonning barqaror rivojiga xavf tug'dirayotgan tahdidlar orasida aynan davlat hokimiyatini obro'sizlantirib, iqtisodiyotning o'sishi va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to'siq bo'lib kelayotgan korruptsiya masalasiga barchaning e'tiborini qaratdi.
Aynan shu davrdan boshlab O'zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligi ostida korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash boshlandi va bu borada izchil qadamlar qo'yildi.
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida korruptsiyaga qarshi kurash mamlakat oldida turgan asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
2017 yil 3 yanvarda “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.
2017 yil 2 fevralda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil 7 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiya qabul qilingani 26 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasidagi taklifi asosida Oliy Majlis palatalarida Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha alohida qo'mitalar tashkil qilindi.
2019 yil 27 mayda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni imzolanib, korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha mavjud tizim yanada takomillashtirildi.
Xususan, 2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlandi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko'tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimi shakllantirila boshlandi.
Davlat xizmatchilari uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag'batlantirish choralari hamda korruptsiyaning oldini olishga doir boshqa mexanizmlarning aniq ro'yxati belgilandi.
Korruptsiya bilan bog'liq huquqbuzarliklar to'g'risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy
etildi.
2019 yil 1 sentyabrdan yoshlarga korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta'lim berish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
2019 yil 1 avgustdan eksperiment tariqasida dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta'lim sohalarida “Korruptsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirila boshlandi. 2020 yil 1 apreldan ushbu loyiha boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi.
2019 yil 1 iyuldan davlat organlari:
korruptsiya xavf-xatariga eng ko'p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ular vakolatlarining ro'yxatini shakllantira boshladi;
idoraviy korruptsiyaga qarshi kurashish dasturlari ijrosining har chorak bo'yicha monitoringini amalga oshirish va korruptsiyaviy xavf-xatarlarni minimum darajaga tushirish choralari ko'rilmoqda.
Muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilayotir.
Bugungi kunda korruptsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda jamiyat va davlatning birlamchi umumiy maqsadiga aylandi. Shu munosabat bilan xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kunini nishonlash yurtimiz taraqqiyoti uchun muhim qadamlarni ifodalaydigan kun hisoblanadi.
O'tkir Ochilov,
Markazning Inson huquqlari sohasidagi
xalqaro shartnomalarni implementatsiya
qilish bo'limi mas'ul xodimi
- Qo'shildi: 09.12.2019
- Ko'rishlar: 5314
- Chop etish