Diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik yanada mustahkamlanmoqda

Amaldagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun dastlab 1991 yilda so'ng 1998 yilning 1 mayida yangi tahrirda qabul qilingan. Oradan 22 yil o'tdi. Tabiiyki ayrim moddalar bugungi kun talablariga javob bermaydi. Mazkur qonunga zamon talabidan kelib chiqib o'zgartish va qo'shimchalar kiritishga ehtiyoj bor.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tashkil etilgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun loyihasi diniy tashkilotlar muhokamasida” mavzusidagi tadbir videokoferentsiya tarzida o'tkazildi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Adliya vazirligi vakillari, mamlakatimizda ro'yxatdan o'tgan 16 ta diniy konfessiya, siyosiy partiyalar fraktsiyalari deputatlari ishtirok etdi.

Quyi palataning Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi Adliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonunning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

– Qonun loyihasini tayyorlashda biz uchta manbaga tayandik: milliy, xorijiy va xalqaro standartlar. Ularning har birida, inson manfaatlari, diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash maqsad qilib olindi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov.

Ta'kidlanishicha, qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgach fuqarolar, ta'lim va diniy ta'lim muassasalari, turli konfessiya vakillaridan 500 dan ortiq taklif kelib tushdi va ularning aksariyatida yangi tahrirdagi qonun loyihasidagi o'zgarishlar ma'qullangan.

Muhokamalar jarayonida kelib tushgan takliflar tahlil qilinib, joylarda diniy tashkilotlar tomonidan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonunga kiritilayotgan o'zgartishlar haqida aholi o'rtasida keng tushuntirishlar olib borish zarurligi deputatlar tomonidan ta'kidlandi.

Videokonferentsiyada diniy tashkilotlarning davlat ro'yxatidan o'tkazish tartib-taomillari yengillashtirilib, amalda bo'lgan qonundagi bir qator cheklovlar olib tashlanayotganini, shu bilan birga, diniy tashkilotlarga bir qator qo'shimcha kafolatlar o'rnatish qonun loyihasida o'z aksini topgani ma'lum qilindi. Jumladan, qonunbuzilishiga yo'l qo'ygan diniy tashkilotlar faoliyatini vaqtincha to'xtatib turish faqat sud tartibida amalga oshirilishi va ularga aniqlangan kamchilikni bartaraf etish uchun 6 oygacha imkoniyat berish kabi qo'shimcha kafolatlar belgilanayotgani aytildi.

Keng jamoatchilik va turli diniy konfessiyalarda alohida qiziqish uyg'otgan qonun loyihasi bo'yicha tadbirda qizg'in munozaralar bo'ldi. O'zaro savol-javob tarzida o'tgan konferentsiyada deputatlar va diniy konfessiya vakillari o'z takliflarini berdi.

Manba: O'zA

Powered by GSpeech