Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining yangi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha 10,3 million bemorda qizamiq kasalligi aniqlangan. Xavotirli jihati, bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 20 foiz yuqori.
Ekspertlarning xulosa qilishicha, xastalanish holatlari soni keskin ortishi bolalar qizamiqqa qarshi vaksinalar bilan yetarli darajada qamrab olinmayotgani oqibatidir, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Masalan, mazkur patologiya profilaktikasi uchun ikki dozali vaksinalar qo‘llaniladi. Biroq 2023 yilda dunyo bo‘yicha 22 million nafardan ortiq o‘g‘il-qiz birinchi bosqichda emlanmagan. 83 foiz bola vaksinaning birinchi dozasinigina qabul qilgan bo‘lsa, faqat 74 foiz o‘g‘il-qiz tavsiya etilgan ikkinchi dozani olgan.
Oqibatda o‘tgan yili Afrika, Sharqiy O‘rta yer dengizi, Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Tinch okeani mintaqalari mamlakatlarida qizamiqqa chalinish holatlari sezilarli darajada ko‘paygan.
Shu tufayli 2023 yili ushbu xastalik qariyb 107,5 ming insonning hayotiga zomin bo‘ldi. Ularning aksariyati besh yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
Shundan kelib chiqib, JSST tegishli hukumatlarni bolalar o‘rtasida ushbu kasallikka qarshi emlash qamrovini oshirishga chaqirdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 19.11.2024
- Ko'rishlar: 310
- Chop etish