Eksperiment: Ma’ruzada smartfonlardan qisqa muddat foydalanish talabalarga diqqatni jamlashga yordam berishi mumkin

Ma’ruzalar paytida mobil telefondan qisqa muddat foydalanish talabalarning diqqatini jamlashga va hatto ularning o‘zlashtirishini yaxshilashga yordam berishi mumkin. AQShning Janubiy Illinoys universiteti olimlari o‘tkazgan tajriba natijalari Frontiers in Education jurnalida chop etildi.

Psixologiya yo‘nalishi talabalari guruhida bir semestr davomida 22 ta mashg‘ulotdan iborat kichik tajriba o‘tkazildi. Har bir mashg‘ulotda o‘rtacha 21 nafar talaba qatnashgan bo‘lsa-da, turli kunlarda qatnashchilar soni 17 nafardan 27 nafargacha o‘zgarib turgan. Tadqiqot guruhi dars paytidagi tanaffuslar talabalarning mobil telefonlardan foydalanish darajasiga hamda ularning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga qanday ta’sir ko‘rsatishini baholadi.

 

Talabalarga turli ma’ruzalar vaqtida qisqa tanaffuslar berildi — bunda smartfonlardan foydalanish, yo o‘qituvchiga savollar berish kerak edi (ikkinchi holda talabalarga tanaffus paytida smartfonlardan foydalanish tavsiya etilmagan). Har ikkala maqsad uchun tanaffuslarning davomiyligi bir, ikki yoki to‘rt daqiqani tashkil etdi.

Tajriba natijasidan ma’lum bo‘lishicha, talabalar smartfonlardan foydalanish uchun maxsus tanaffuslar berilgan ma’ruzalarda, o‘qituvchiga savol berish uchun tanaffus qilingan ma’ruzalarga nisbatan, umumiy hisobda o‘z smartfonlaridan kamroq foydalangan (ya’ni, ular bevosita ma’ruzalar paytida ikkinchi guruhga qaraganda smartfonlarga kamroq chalg‘igan). Qizig‘i shundaki, daqiqalik tanaffuslardan so‘ng ma’ruzalarda smartfonlardan foydalanish tajribaning boshqa barcha variantlariga nisbatan eng katta ko‘rsatkichda kamaygan.

Bundan tashqari, “telefonli” tanaffus beriladigan ma’ruzalardan so‘ng talabalar dars mavzusi bo‘yicha testlarni ancha yaxshi topshirdi (to‘g‘ri yechilgan testlar soni tajribaning boshqa variantlariga nisbatan 80 foizdan ko‘proq edi). Bu holatda o‘quvchilar dars mavzusiga yaxshiroq e’tibor qaratgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda.

Olingan natijalarga qaramasdan, tadqiqotchilar smartfonlardan qisqa muddatli foydalanish foydali ekanini to‘liq isbotlash uchun qo‘shimcha izlanishlar zarurligini ta’kidladi.

Ehtimol, o‘qituvchilarning talabalarga vaqti-vaqti bilan telefonini tekshirishga ruxsat berishi ularni yangi bildirishnoma va xabarlarni kutish xavotiridan xalos etishi mumkin. Oldingi tadqiqotlar hatto smartfonlarning stolda shunchaki turishi (undan foydalanilmasa ham) o‘qishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aniqlagandi.

Kun.uz

Powered by GSpeech