Ayni payt Toshkent shahrida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Erkin fuqarolik jamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya davom etyapti.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanda o‘ndan ziyod xorijiy, yuzga yaqin mahalliy ekspert, davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar vakillari, siyosiy partiyalar faollari ishtirok etmoqda.
Tadbir avvalida O‘zbekiston demokratik taraqqiyot yo‘lida olib borayotgan islohotlar, fuqarolik jamiyatini barpo etish maqsadida qilingan tub o‘zgarishlar, mamlakatimizning ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi yutuqlari jahon hamjamiyati e’tiboriga havola etildi.
Xorijlik ishtirokchilar respublikamiz so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarni yuksak baholab, O‘zbekiston ochiq ma’lumotlar jahon indeksida 30-o‘ringa ko‘tarilgani, Markaziy Osiyoda peshqadam mavqeni egallaganini alohida e’tirof etdilar.
Jumladan, “Tillotoma Foundation” bosh operatsion direktori Kamakshi Uoson, Qozog‘iston Fuqarolik alyansi prezidenti Banu Nurgaziyeva, Pokiston Oliy sudi advokati Naim Alloh Raxa, “Vision & Global Trends” tahliliy markazi rahbari Tiberio Gratsiani fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati, ayni yo‘nalishdagi islohotlar xususida so‘z yuritdi.
Qayd etish kerak, 2017-2024 yillar Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining 2 250 ga yaqin loyihasi uchun mablag‘ ajratilgan.
Konferensiyada bir necha kundan so‘ng bo‘lib o‘tadigan Parlament va mahalliy Kengashlar sayloviga alohida e’tibor qaratildi. Qonunchilik palatasiga saylov ilk bor aralash tizim asosida o‘tkazilishi, deputatlikka nomzodlar orasida ayollar ulushi 40 foizga yetgani demokratik islohotlarning muhim bosqichi ekani qayd etildi.
“E-SAYLOV” elektron axborot tizimi joriy etilishi mazkur muhim siyosiy jarayon shaffofligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi, fuqarolar saylovda faol ishtirok etishi va jarayonni nazorat qilishi uchun keng imkoniyat yaratib, tadbir xalqaro standartga muvofiq o‘tishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qator taklif, tavsiyalar ilgari surishi kutilyapti.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA
- Qo'shildi: 25.10.2024
- Ko'rishlar: 652
- Chop etish