Tojdorvirus karantini davrida "Gazetalar sharhi" Telegram kanali (https://t.me/gazetalar_sharhi) yurtdoshlarimiz uchun qulay va foydali axborot manbalaridan biriga aylandi. Chunki unda mamlakatimiz gazeta va jurnallarida e'lon qilinayotgan dolzarb mavzulardagi turfa maqola, suhbat va axborotlarning elektron nusxalari bilan bemalol tanishish mumkin.
May oyida ham "Gazetalar sharhi" kanali bilan hamkorligimiz davom etmoqda. Binobarin, o'tgan oylarda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mutaxassislarining turli gazetalarda chop etilgan maqolalarini aynan shu kanal yordamida saytimiz o'quvchilariga taqdim etib borgan edik.
Bu an'anani davom ettirgan holda, e'tiboringizni aprelning so'nggi kunlarida matbuotda e'lon qilingan ikkita maqolaga qaratamiz. Bulardan biri – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning 25 aprelda "Ishonch" gazetasida e'lon qilingan "Koronavirus infektsiyasiga qarshi kurash: O'zbekiston tajribasi va xalqaro e'tirof" sarlavhali maqolasidir.
Maqolada Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari, chet davlatlarning nufuzli va xalqaro miqyosda tan olingan shifokorlari, olimlari, ekspertlari va mutaxassislari O'zbekistonda koronavirusga qarshi amalga oshirilayotgan tizimli va kompleks chora-tadbirlarni yuksak baholayotgani ta'kidlangan.
Ushbu chora-tadbirlar o'tgan davr mobaynida Prezidentimizning 10 dan ziyod farmon va qarorlarida, O'zbekiston xalqiga uchta murojaatida, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashish, aholining ijtimoiy hamda tibbiy himoyasini mustahkamlash va boshqa masalalarga bag'ishlangan 20 dan ortiq uchrashuv, videoselektor yig'ilishlarida belgilab berildi. Ular bo'yicha 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Eng asosiysi, bu chora-tadbirlarning barchasi og'ir hamda mas'uliyatli davrda hech kim, hech bir oila davlat va jamiyatning e'tibori, g'amxo'rligidan chetda qolmasligi, oddiy odamlar farovonligi ta'minlanishi kerak, degan g'oyaga asoslanadi.
Ushbu muallifning yana bir maqolasi "Toshkent haqiqati" gazetasining 22 aprel sonida chiqqan. Maqola "Maqsadlar – ulug', tashabbuslar – xayrli", deb nomlangan bo'lib, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ilm-fan, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda parlamentning roli tahlil qilingan.
2020 yil 1 iyuldan boshlab O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida davlat organlari va xo'jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o'z faoliyati bo'yicha, shuningdek, Hukumat a'zolari va tarmoqlar rahbarlarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to'g'risidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bu muhim vazifa «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» Davlat dasturida belgilangan, deb yozadi muallif.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.05.2020
- Ko'rishlar: 4852
- Chop etish