Frank-Valter Shtaynmayyerning ta’kidlashicha, nemis bosqinchilari tomonidan Mardzabottodagi qirg‘in va Italiyadagi boshqa harbiy jinoyat haqida Germaniyada «deyarli hech kim xabardor bo‘lmagan».
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer 1944 yilda Mardzabottoda sodir bo‘lgan qirg‘indagi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish uchun Italiyaga uchib bordi. 80 yil oldin Bolonya janubida joylashgan ushbu qishloqda CC harbiy xizmatchilari kamida 770 nafar tinch aholini, jumladan, 200 dan ortiq bolani o‘ldirgan.
«Germaniyaning federal prezidenti sifatida bugun qarshingizda turibman va uyat hamda qayg‘udan boshqa narsa haqida gapira olmayman. Barcha marhumlar qarshisida boshimni egaman. Bugun sizlardan butun mamlakat nomidan kechirim so‘rayman», — deydi Germaniya prezidenti.
Shtaynmayyerning ta’kidlashicha, nemis bosqinchilari tomonidan Mardzabottodagi qirg‘in va Italiyadagi boshqa harbiy jinoyat haqida Germaniyada «deyarli hech kim xabardor bo‘lmagan». «Aynan shu boisdan bugun shu yerdaman», — deya qayd etadi u.
14 mart kuni Italiyada natsistlar jinoyatlariga bag‘ishlangan xotira marosimi bo‘lib o‘tgandi. 1944 yil mart oyida natsistlar Rim yaqinida 335 nafar italiyalikni o‘ldirgan edi — bu partizanlar tomonidan SSning «Botsen» polkini 33 nafar politsiyachisi o‘ldirilgani uchun qasos bo‘lgan. Marosimda ishtirok etgan madaniyat vaziri Klaudia Rot ushbu voqeani «dahshatli» deb ta’riflagandi. U ham Germaniya Italiya va butun Yevropa oldidagi tarixiy mas’uliyatini anglashini bildirgan.
1939 yilda, Ikkinchi jahon urushi boshlangan vaqtda fashist diktator Benito Mussolini rahbarligi ostida Italiya Gitler Germaniyasi bilan ittifoqchiga aylangan. 1943 yil iyulda Mussolini hokimiyatdan ag‘darilgach, Italiya qisman Germaniya tomonidan egallab olingan edi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 30.09.2024
- Ko'rishlar: 719
- Chop etish