7 aprel – Salomatlik kuni
Salomatlik kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 1950 yildan buyon aynan 7 aprelda nishonlab kelinadi.
Jahon salomatlik kuni sayyoramizning har bir aholisi e’tiborini sog‘liqni saqlash mavzusiga jalb etish, odamlar farovonligini himoya qilish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga qaratilgan global aksiyadir.
Ushbu sana har yili sayyoramiz oldida turgan global muammolarga bag‘ishlanib, turli shiorlar ostida o‘tkaziladi. Bu yil Ona va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligi masalasiga ustuvorlik berilib, “Yorqin kelajak sari sog‘lom ilk qadam” mavzusi tanlandi. Shu munosabat bilan tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlari orqali onalar va chaqaloqlar o‘limiga barham berish hamda ayollar salomatligi va farovonligini oshirish jarayoniga hissa qo‘shish ko‘zda tutilgan.
JSST va hamkorlar tomonidan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek tug‘ruqdan keyingi davrda salomatlikni mustahkamlash bo‘yicha foydali ma’lumotlar tarqatmoqda.
Ma’lumki, har bir ayol va chaqaloq omon qolishi va rivojlanishini ta’minlash juda muhim vazifa. Afsuski, hozirgi kunda har yili 300 000 ga yaqin ayol homiladorlik va tug‘ish bilan bog‘liq sabab tufayli jon taslim qilmoqda. Ikki milliondan ortiq chaqaloq hayotining birinchi oyidayoq vafot etyapti va taxminan 2 million homiladorlik jonsiz tug‘ilish bilan nihoyalanyapti. Xullas, o‘rtacha har 7 soniyada oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim sodir bo‘lmoqda.
Mavjud tendensiyalarga asoslansak, mamlakatlarning beshdan to‘rt qismi 2030 yilga qadar onalar omon qolishi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ortda qoladi. Har uch mamlakatdan biri yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limini kamaytirish maqsadiga erisha olmayapti.
Butun dunyoda ayollar tug‘ruq oldi va vaqtida, jarayondan keyin yuqori sifatli parvarish, jismoniy va hissiy yordamga muhtoj.
Ona va chaqaloq duch keladigan ko‘plab muammolarni hal qilish sog‘liqni saqlash tizimi evolyutsiyasini taqozo qiladi.
Bu masalalar nafaqat homiladorlik yoki tug‘ishning bevosita asorati, balki ruhiy va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hamda oilani rejalashtirishni ham nazarda tutadi.
Shu bois bugungi kunda ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini yaxshilash chora-tadbirlariga samarali sarmoya kiritish juda dolzarb. Ota-onalar va shoshilinch tibbiy yordam xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jamoaviy harakatni rag‘batlantirish lozim.
Jahon salomatlik kuni dunyoning barcha mamlakatlari uchun asosiy muammolarni hal qilish uchun yaxshi imkoniyat. JSST ekspertlari global miqyosda 2 yarim million shifokor, 9 million hamshira va o‘rta tibbiyot xodimi, boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha 6 million ishchi yetishmasligiga e’tibor qaratmoqda.
Muammo ayniqsa eng qashshoq mamlakatlarda o‘tkir tus olgan. Iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarda ham sog‘liqni saqlash xodimlari asosan shaharlarda to‘plangan. Ya’ni, qishloqlar, chekka hududlarda tibbiy xizmat sifati past.
Salomatlik kuni tadbirlari davomida nafaqat tibbiy savodxonlik, balki tibbiyot xodimlari sonini ko‘paytirish, sohaga yoshlarni keng jalb qilish va qiziqtirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari ham olib boriladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 07.04.2025
- Ko'rishlar: 432
- Chop etish