Kuni kecha «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Adliya vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonalari, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida «O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi: Harakatlar strategiyasining to'rt yillik samaradorligi va 2021 yilga mo'ljallangan ustuvor vazifalar» mavzusida tashkil etilgan xalqaro forumda shu haqda so'z bordi.
Forumga «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorlik qildi. U o'z so'zida O'zbekiston bugungi jahon hamjamiyati uchun sinovli bo'lgan pandemiya davrida ham jadal taraqqiy etayotgani, iqtisodiyotda barqaror o'sish sur'atlariga erishayotgani, eng asosiysi, aholining ijtimoiy muhofazasini ta'minlash borasida bir qator hayotiy tashabbuslarning amalga oshirilishi natijasida fuqarolarning turmush farovonligi yuksalayotgan mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilayotganini qayd etdi.
Nufuzli anjumanda davlat boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchilari, ekspertlar, mutaxassislar, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdilar hamda so'zga chiqdilar.
Akmal SAIDOV, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori:
– Parlament vakili sifatida deputatlarimiz oldida turgan va tom ma'noda tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan Murojaatnomada belgilangan quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratish lozim, deb bilaman. Murojaatnomada bundan 4 yil oldin qabul qilingan, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirish bo'yicha ustuvor dasturiy hujjat bo'lgan Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan, mamlakatimiz ravnaqini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko'tarish va yangi O'zbekistonni barpo etish, uchinchi Renessansga mustahkam asos yaratishga qaratilgan tub demokratik islohotlar holati va istiqbollari, maqsad va vazifalari chuqur tahlil qilib berildi.
2020 yilda O'zbekiston o'z tarixida ilk marotaba BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo etib saylandi. AQSH Davlat departamenti tomonidan O'zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro'yxatidan chiqarildi. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining oliy minbaridan ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qo'llab-quvvatlanmoqda.
Murojaatnomada inson huquqlarini himoya qilishning noyob mexanizmini takomillashtirishga oid aniq tashabbus va takliflar berildi. Shu bilan birga, BMT shafeligida “Inson huquqlari bo'yicha ta'lim” global forumi, Yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Butunjahon yoshlar anjumanini hamda Diniy erkinlik masalalari bo'yicha mintaqaviy konferentsiyalarni o'tkazish belgilangan.
Akbar TOSHQULOV, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o'rinbosari:
– Harakatlar strategiyasi va uning doirasidagi Davlat dasturlari asosida o'tgan 4 yilda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha muhim qadamlar qo'yildi. Jumladan, parlament va mahalliy hokimiyat organlarining davlat boshqaruvini tashkil etishdagi roli sezilarli ravishda kuchayib, ijro hokimiyatini transformatsiya qilish jarayonlari jadal amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, davlat xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha mutlaqo yangi va samarali tizim joriy etildi. Ya'ni, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Mazkur tashkilot ayni vaqtda aholi va tadbirkorlik sub'ektlariga 150 turdagi davlat xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda.
Shu bilan birga, davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish, xizmatga qabul qilishning shaffof mexanizmlarini joriy etish maqsadida Prezident huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Shuningdek, davlat va jamiyat o'rtasida samarali muloqotni yo'lga qo'yish, aholining kundalik hayotidagi muammolarni tezkor o'rganish va hal qilish maqsadida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari, Bosh vazir qabulxonasi kabi fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlari murojaatlari bilan bevosita ishlash institutlari faoliyati yo'lga qo'yildi.
Davlat boshqaruvini byurokratiyadan holi qilish va uning sarf-xarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimining faoliyat samaradorligini va shaffofligini oshirish maqsadida nomarkazlashtirish jarayoni asosida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 11 ta alohida funktsiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo'linmalariga o'tkazildi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 28 turdagi ma'lumotnoma - hujjatlarni fuqarolardan talab qilish amaliyoti bekor qilindi.
Gulruh AGZAMOVA, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:
– O'tgan to'rt yil mobaynida parlament islohotlari samaradorligi oshirildi. Jumladan, parlament va siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi o'rni va roli kuchaytirilib, deputat va senatorlarning faqat kiritilgan qonun loyihalarini ko'rib chiqish bilan cheklanmasdan, har oyning dastlabki o'n kunligida bevosita o'zi saylangan okrugga borib, xalqning turmush darajasidan xabar olish, uni qiynayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda ishtirok etish amaliyoti yo'lga qo'yildi.
Shuningdek, qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o'tkazish tartibi joriy etildi. Qonunchilik bazasini tizimlashtirish, to'g'ridan-to'g'ri ishlaydigan qonunlarni qabul qilish amaliyoti qo'llanila boshlandi.
Parlament nazorati – davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining o'z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan javobgarligini oshiruvchi eng muhim institut sifatida shakllandi. Natijada keyingi to'rt yilda 100 dan ortiq parlament eshituvi o'tkazildi.
Parlament va deputat so'rovlari qonun va qarorlar ijrosini hamda islohotlar samaradorligini ta'minlovchi ta'sirchan vositaga aylandi. Parlament faoliyatida «Hukumat soati» hamda «Parlament eshituvi» amaliyoti yo'lga qo'yilib, har ikki palatada Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha qo'mitalar tashkil etildi.
Qobiljon KOMILOV, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi – iqtisodiy ishlar bo'yicha sudlov hay'ati raisi o'rinbosari:
– Harakatlar strategiyasining qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo'nalishlari doirasida sud-huquq sohasini takomillashtirish, jumladan, sohada yillar davomida yechim topmagan muammoli masalalarni hal qilish borasida odil sudlov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan uchta kodeks yangidan qabul qilindi. Bir qator qonunlarga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
O'z navbatida, o'ndan ortiq Prezident farmon va qarorlari, shuningdek,bu yo'nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy printsipiga rioya etilishini ta'minlashga ko'maklashadigan O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi tuzildi.
Sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funktsiyalarni bartaraf etish hamda yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo'jalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, ma'muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi.
Mamlakat tarixida ilk bor davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirishni ta'minlash maqsadida ma'muriy sudlar tashkil etildi.
Jinoyat ishini qo'shimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilinib, dalillarga baho berish instituti takomillashtirildi. Bu, o'z navbatida, ish bo'yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilgan holda oqlov hukmlari ko'payishiga asos yaratdi.
Shunisi diqqatga sazovorki, o'tgan to'rt yilda 2 ming 770 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilib, 2 ming 687 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan. Shuningdek, 5 ming 225 nafar fuqaroga nisbatan asossiz qo'yilgan ayblovlar olib tashlangan.
So'nggi yillarda sudlar faoliyatida raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Masalan, sudlar o'rtasida ma'lumot almashish va ish yuritish elektronlashtirildi, ishlarni sud`yalar o'rtasida avtomatik tarzda taqsimlash, sud majlisini videokonferentsaloqa rejimida o'tkazish, sud qarorlarini Internet tarmog'ida e'lon qilish, ijro hujjatlarini majburiy ijroga elektron shaklda yuborish amaliyoti joriy etildi.
Davlat boji va boshqa yig'imlar hisobini yuritishning yagona elektron to'lov tizimi hamda jismoniy va yuridik shaxslar uchun Interaktiv xizmatlar portali ishga tushirildi. Bu qulayliklar fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlariga o'z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman, odil sudlovga erishish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash imkonini berdi.
Xususan, o'tgan to'rt yil davomida 24 mingdan ortiq sud majlislari videokonferentsaloqa shaklida o'tkazildi. Natijada 52 mingdan ortiq taraflarning vaqti va mablag'i tejaldi.
Inson huquqlarining to'liq ta'minlanishi yo'lida Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga sud qarorlarini qayta ko'rish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.
Ayniqsa, “bir sud – bir instantsiya” tamoyili yaratilishi tufayli sud qarorlarini qayta ko'rish tizimida yillar davomida to'planib qolgan muammolarning yechimiga erishildi. Bu tamoyil ushbu tizimni tubdan takomillashtirishga zamin yaratdi. Bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirildi. Xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi.
Odilbek ISOQOV, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o'rinbosari:
– Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha keyingi to'rt yilda amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar haqida so'z borganda, xususan, 2017 yildan boshlab amalga oshirilayotgan valyuta bozorini liberallashtirish bo'yicha aniq maqsadga yo'naltirilgan kompleks chora-tadbirlarning natijalari xususida alohida to'xtalish maqsadga muvofiqdir.
Jumladan, milliy valyuta – so'mning erkin ayirboshlanishi yo'lga qo'yildi. Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar o'z valyuta resurslarini erkin tasarruf etish huquqiga ega bo'ldi va ular tomonidan valyuta tushumlarini sotish majburiyatlari bekor qilindi.
Yuridik shaxslar uchun mahsulotlarni import qilishda chet el valyutasini erkin xarid qilish va chet el investorlarining foydani erkin olib chiqish imkoniyati yaratildi. Bularning barchasi, shubhasiz, iqtisodiyot barqarorligini ta'minlashda muhim omil bo'ldi.
O'z navbatida, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektorning o'rni va ahamiyatini oshirish, davlat mulkini boshqarish uslublarini butunlay o'zgartirish, tadbirkorlik sub'ektlariga investitsiya kiritish va yangi ish o'rinlarini yaratish borasida imtiyoz va preferentsiyalar berish masalalari doimiy e'tiborda turibdi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo'yicha keng imkoniyatlar va huquqiy kafolatlar yaratilmoqda. Davlat byudjetini isloh qilish va shaffofligini ta'minlash, byudjet ijrosi intizomini kuchaytirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, davlat ulushi mavjud bo'lgan korxonalarni transformatsiya qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Bobur ABDINAZAROV, O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri o'rinbosari:
– Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida mamlakatimizda yuqori va barqaror iqtisodiy o'sish orqali aholi daromadlarini oshirish, kambag'allikni qisqartirish, tadbirkorlik sub'ektlariga investitsiya kiritish va yangi ish o'rinlarini yaratish borasida ijobiy natijalarga erishilmoqda. Tashqi qarz yuki maqbul darajada saqlab turilgani diqqatga loyiqdir.
Bugungi kunda yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitish ishlari jadal bormoqda. Raqobat muhitini yaxshilash, bozorlarni erkinlashtirish, narx-navo barqarorligini ta'minlash, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirish, umuman, iqtisodiyotni jadal rivojlanishiga erishish yo'lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o'z samaralarini bermoqda.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati ma'lumotlariga ko'ra, xalqaro forumda O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog'liqni saqlash, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirliklari mutasaddilari ham so'zga chiqqan. Ular ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha o'tgan to'rt yil mobaynida qo'lga kiritilgan natijalar haqida atroflicha to'xtalganlar.
Jumladan, ta'lim sohasidagi islohotlar natijasida maktabgacha ta'lim qamrovi qariyb 61 foizga yetgan. Bugungi kunda 4 ta Prezident maktabi va 9 ta Ijod maktabi hamda informatika va matematika, fizika va astronomiya, kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 3 ta maktab ish boshladi.
2016 yilda O'zbekistonda 77 ta oliy ta'lim muassasasi faoliyat ko'rsatgan bo'lsa, hozirga kelib ularning soni 132 taga yetdi. E'tiborli jihati, yangi tashkil etilgan oliy ta'lim muassasalarining aksariyati yoshlar va aholining ijtimoiy holatidan kelib chiqib, viloyat va chekka tuman markazlarida tashkil etildi. Oliy ta'lim muassasalarining 71 tasida sirtqi ta'lim, 18 tasida kechki ta'lim shakllari yo'lga qo'yildi.
Sohadagi islohotlar natijasida professor-o'qituvchilarning soni to'rt yilda 24 ming 386 nafardan – 29 ming 998 nafarga yetkazildi. Yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan – 25 foizga, oliy ta'limning qabul parametrlari 58 ming 22 nafardan – 148 ming 114 nafarga yetkazildi.
Shuningdek, aholi bandligini ta'minlash hamda mehnat huquqlarini to'laqonli muhofaza qilish borasida ham izchil sa'y-harakatlar amalga oshirildi. 2016 yilda respublikaning beshta hududida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining filiallari tashkil etilgan bo'lsa, bugungi kunda ular 14 ta hududning barchasida faoliyat ko'rsatmoqda. Mehnat migrantlarining to'laqonli huquqlarini ta'minlash uchun xorijiy davlatlarda ham 29 ta vakolatxona tashkil etildi.
Shuningdek, pandemiya va bugungi zamon talablarining ishchi va ish beruvchiga qo'yayotgan yangidan-yangi talablarini hisobga olgan holda, 2020 yil yakunida Mehnat kodeksi yangi tahrirda ishlab chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi vakillari ham xalqaro anjumanda so'z olib, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo'nalishlar bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi yuzasidan o'z fikrlarini bildirdilar. Xususan, keyingi yillarda O'zbekistonning tashqi siyosat va xavfsizlik borasidagi faol sa'y-harakatlari jahon hamjamiyati e'tiborini qozonayotganiga alohida ahamiyat qaratildi.
Ushbu sohadagi islohotlar natijasida O'zbekistonning xalqaro maydonda o'z pozitsiyasini bildirish imkoniyati kengaydi. 2018 yil 12 dekabr` kuni O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining maxsus “Ma'rifat va diniy bag'pikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi.
2020 yil 12-13 avgust – Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan Samarqandda bo'lib o'tgan “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida tashkil etilgan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi esa, O'zbekistonda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining yorqin misoli bo'ldi.
O'tgan vaqt davomida O'zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan inson huquqlarini ta'minlash borasidagi hamkorligida yangi sahifa ochildi. O'zbekiston ilk bor BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi etib saylandi.
O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishi bo'lmish Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarda faol siyosat yuritildi. Natijada qulay muloqot muhiti yaratildi. Bu borada 600 dan ortiq yuqori darajadagi hamda idoralararo tashrif, uchrashuv va onlayn-muloqotlar tashkil etildi.
O'zbekiston 32 ta ikki tomonlama hujjatni turli darajadagi tadbirlarda va diplomatik kanallar orqali imzoladi. Jumladan, Germaniya, Shveytsariya, Yevropa Ittifoqi va Hindiston bilan moliyaviy-texnikaviy hamkorlik bitimlari imzolandi.
O'zbekiston Respublikasining Mustaqil davlatlar hamdo'stligi (MDH) va Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash), Osiyoda ishonch va hamkorlik choralari bo'yicha kengash (OHICHBK) kabi mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligi faol rivojlanib bormoqda.
Shu bilan birga, O'zbekiston 6 ta universal va 5 ta mintaqaviy mazmundagi ko'p tomonlama xalqaro shartnomalarga qo'shildi. Yevropa ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini imzolash, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish, Yevropa Ittifoqining GSP+ benefitsiar maqomiga erishish borasida izchil ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro anjumanda o'tgan 4 yil mobaynida amalga oshirilgan islohotlar samarasi sarhisob etilishi barobarida, joriy 2021 yilda belgilangan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
E'tirof etilganidek, O'zbekiston rahbarining 2020 yil 29 dekabrda parlamentga yo'llagan Murojaatnomasida ustuvor vazifalar qatorida qayd etilgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash, aholi salomatligini mustahkamlash, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda pandemiyaning iqtisodiyotga ta'sirini yumshatish kabi muhim ustuvor yo'nalishlar kuni kecha qabul qilingan 2021 yil – “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham o'z ifodasini topdi.
Forumda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari – Birlashgan Millatlar Tashkilotining O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va boshqalar o'z chiqishlarida O'zbekiston Prezidentining Murojaatnomasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar zamonaviy xalqaro tamoyillar bilan hamohang ekaniga e'tibor qaratishdi.
Xalqaro forum ishtirokchilari tomonidan Harakatlar strategiyasi bugungi globallashuv sharoitida jahonda tub o'zgarishlar kechayotgan murakkab bir vaziyatda, O'zbekiston uchun siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlarning eng muhim besh ustuvor yo'nalishini amalga oshirishning yaqin istiqbolga mo'ljallangan muhim milliy strategik hujjati ekani ta'kidlandi.
Mazkur hujjat mamlakatda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, O'zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, inson huquq va manfaatlarini ta'minlash va himoyalash, eng asosiysi, xalqni rozi qilish va aholining farovon turmushini ta'minlash yo'lida ustuvor ahamiyat kasb etib kelayotgani e'tirof etildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.02.2021
- Ko'rishlar: 3935
- Chop etish