Xo‘jand uchrashuvi – Markaziy Osiyo birdamligi ifodasi

Jahon siyosatida tobora muhim strategik hududga aylanib borayotgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy birdamlik va integratsiya jarayonini chuqurlashtirish ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda.

Ma’lumki, kuni kecha Xo‘jandda tarixiy ahamiyatga ega voqelik kuzatildi. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston mustaqilligining butun davrida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Mazkur kelishuv yetakchilarning kuchli siyosiy irodasi, hamkorlik va o‘zaro tushunishga umumiy intilishi hosilasi, deyish mumkin.

Endilikda Markaziy Osiyo umumiy o‘ziga xoslik va o‘zaro bog‘liq manfaatlarga ega yagona mintaqa sifatida xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.

O‘zA muxbiri Xo‘janddagi tarixiy uchrashuv yakuni va mintaqadagi geosiyosiy vaziyat xususida uch davlat ekspertlari fikrlarini yozib oldi.

Odinahmad SAIDOV, Tojikiston Milliy universiteti “Osiyo va Yevropa tillari” fakulteti dekani o‘rinbosari:

– Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston yetakchilarining Xo‘janddagi uchrashuvini Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyasi yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholash o‘rinli. Ushbu muloqot istiqbolda mintaqa barqarorligi va taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.

Uch mamlakat davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma va “Abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi Xo‘jand deklaratsiyasi imzolanishi nafaqat chegara masalasini hal etish, balki yaxshi qo‘shnichilik munosabatini mustahkamlashda ham muhim voqelikdir.

Qolaversa, Yevrosiyo mintaqasida o‘ziga xos ahamiyat kasb etgan mazkur voqea mintaqa davlatlarining xalqaro huquq va nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiqligini namoyish etdi.

Ma’lumki, qo‘shni o‘lkalar o‘rtasida viza tartibi ancha soddalashtirilgan. Natijada o‘zaro sayohat oqimi tezlashgan. Masalan, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari viza rasmiylashtirmasdan 30 kungacha ikki mamlakat hududida qolishlari mumkin. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida 60 kungacha vizasiz rejim o‘rnatilgan. 2023 yil 1 sentyabrdan esa bu ikki davlat fuqarolari o‘zaro sayohati uchun chet el pasporti o‘rniga ID-kartadan foydalanish imkoni yaratildi.

Umuman, Xo‘janddagi tarixiy uchrashuv mintaqaviy integratsiyani yanada jadallashtirishga turtki beradi. Chegara masalasi tinch yo‘l bilan hal etilishi, iqtisodiy va infratuzilma loyihalarida yaqin hamkorlik kengayishi hamda o‘zaro ishonch oshishi Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mars SARIEV, Qirg‘iz Respublikasi Jamoat siyosati instituti eksperti:

– Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston liderlarining Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvi Markaziy Osiyo zarvarag‘ida tarixiy sahifa ochdi, deyish mumkin. O‘lkalarimiz o‘rtasidagi chegara muammolari nihoyat hal qilindi va endilikda qardosh xalqlar orasida ziddiyat kuzatilmasligi aniq, bo‘lmasin ham.

Bu muhim uchrashuv shuni anglatadiki, Markaziy Osiyo barcha yo‘nalishlarda yagona mintaqaga aylanmoqda.

Farg‘ona vodiysida uch mamlakat chegaralari masalasi hal etilishi hurmat, suverenitet, tenglik va o‘zaro manfaat tamoyiliga asoslangan ko‘p yillik mashaqqatli mehnat, samimiy muloqot va hamkorlik samarasidir.

Bilamiz, Afg‘onistonda tinchlik, siyosiy barqarorlik ta’minlanishi mintaqa davlatlari uchun nihoyatda muhim. Donolarimiz “Qo‘shning tinch – sen tinch” deb bejiz ta’kidlamagan. Xo‘jand uchrashuvi mintaqada barqarorlik mustahkamlanib borayotganidan dalolat.

O‘ylaymanki, yaqin kelajakda afg‘on tomoni ham Markaziy Osiyo mamlakatlari suv kodeksiga qo‘shiladi va bu masala mutanosib ravishda hal qilinadi.

Qolaversa, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li mintaqada savdo, turizm va sanoat uchun yangi imkoniyatlar ochadi, madaniy farovonlikka hissa qo‘shadi, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi strategik ko‘prik bo‘ladi.

Sayfiddin JO‘RAEV, siyosiy fanlar doktori, TDSHU professori:

– Joriy yil 31 mart kuni Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining uchrashuvi uch mamlakat o‘rtasida siyosiy-diplomatik, iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda, mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Mazkur tarixiy uchrashuvda O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yillarda o‘n karradan ziyodga oshgani qayd etildi. Bu miqlorning qariyb yarmi chegara oldi hududlarga to‘g‘ri keladi. Shu bois chegaralardagi bojxona manzillarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston korxonalari va xususiy kompaniyalari qo‘shni mamlakatlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga faol sarmoya kiritmoqda. Kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz rahbari qo‘shma investitsiya jamg‘armalari kapitalini bosqichma-bosqich oshirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, “yashil” energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalar, suv va ekologiya dasturlarini ilgari surish diqqat markazida bo‘ldi.

Umuman, uchrashuv Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari kun tartibidagi savdo-iqtisodiyot, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot, chegara delimitatsiyasi va demarkatsiyasi, transchegaraviy daryolar singari barcha masalalarni o‘zaro muloqot va diplomatik yo‘llar orqali kelishib, har qanday muammoni tashqi kuchlar aralashuvisiz hal etishga muvaffaq bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Eng asosiysi, xalqaro hamjamiyatda mintaqaga nisbatan ijobiy fikr shakllanib, Markaziy Osiyoni yaxlit bir makon sifatida tasavvur qilish tendensiyasi mustahkamlanmoqda.

O‘tkir ALIMOV yozib oldi.

O‘zA

Powered by GSpeech