II Markaziy Osiyo media forumi: axborot sohasida qanday yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda?

Joriy yilning 16-17-aprel kunlari Ostona shahrida (Qozog‘iston) Markaziy Osiyo davlatlarining axborot yetakchilari ishtirokida "Global o‘zgarishlar davrida Markaziy Osiyo: Media strategik rivojlanish vositasi sifatida" mavzusida II Markaziy Osiyo media forumi bo‘lib o‘tmoqda.

 

Media forumning birinchi ish kuni Markaziy Osiyo davlatlari axborot sohasi yetakchilarining ishchi uchrashuvi bilan boshlandi. Uchrashuvda har bir mamlakatda axborot siyosatini takomillashtirish hamda hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.

 

Jumladan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev o‘z nutqida raqamli media taraqqiyoti fonida Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi va axborot almashinuvini mustahkamlash zarurati haqida ta’kidlab o‘tdi:

 

Zamonaviy dunyoda raqamli texnologiyalarning rivojlanishi ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik fikri va ongini shakllantirishdagi ta’sirining misli ko‘rilmagan darajada oshishiga olib keldi. Bu, ayniqsa, aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadigan Markaziy Osiyo mamlakatlariga taalluqlidir. Agar biz yoshlar bilan tizimli ish olib bormasak, ularga o‘z maqsadimiz va xolis ma’lumotlarimizni yetkazmasak, buni biz uchun boshqalar qiladi.

 

AOKA direktori Asadjon Xodjayev raqamli muhitni tartibga solishda onlayn platformalar monitoringi va qonunchilikka rioya qilinishini nazorat qilishning ahamiyati borasida to‘xtalib, O‘zbekiston qo‘shni Qozog‘istonda qabul qilingan "Onlayn platformalar va onlayn reklama to‘g‘risida"gi qonun va ushbu yo‘nalishdagi tajribalarni puxta o‘rganayotganligini qayd etdi.

 

Ushbu qonun Qozog‘istondagi onlayn platformalar, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va foydalanuvchilar akkaunt ochishi hamda kontent joylashtirishi mumkin bo‘lgan boshqa internet-resurslar faoliyatini tartibga soladi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda onlayn platformalar va veb-saytlar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha Qozog‘istonning tajribasi o‘rganilmoqda. Bu Internetda xavfsiz muhitni yaratish, mamlakatimiz foydalanuvchilarining onlayn makondagi huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarning ajralmas qismidir, dedi Asadjon Xodjayev so‘zi davomida.

Ishchi uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlarining axborot sohasida istiqbolli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan taklif-mulohazalar bildirildi. AOKA direktori Asadjon Xodjayev bu borada qirg‘iz, tojik va turkman mamlakatlari bilan "Yo‘l xaritasi" hamda "Muloqot rejalari"ni ishlab chiqish; mintaqada institutsional va huquqiy-normativ bazani mustahkamlash, axborot vazirlarining doimiy uchrashuvlari mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish; davlatlararo muntazam tele- va radio reportajlar, shuningdek, mahalliy kanallarni uzatishni; matbuot kotiblarining o‘zaro tajriba almashishi va malaka oshirishini tashkil etish tashabbuslarini ilgari surdi.

Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari qardosh xalqlarni jipslashtirishga qaratilgan bunday loyihalar ustida birgalikda ishlashni davom ettirishlari zarurligiga qat’iy ishonamiz.

Eng muhimi, hali ishga solinmagan hamkorlik salohiyatimiz juda katta, dedi Asadjon Xodjayev.

Ishchi yig‘ilishdan so‘ng Media forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Forum panel-sessiyalarda o‘z ishini davom ettirmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy kanali

Powered by GSpeech