2024 yil 31 avgustda Vazirlar Mahkamasining «Ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan patent egasining roziligisiz foydalanilganda patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan davlat mudofaasi va xavfsizligini ta’minlash, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bilan bog‘liq so‘nggi zarurat holatlarida huquq egasi ruxsatisiz uning patentidan foydalanish, buning uchun to‘lanadigan tovon miqdorini hisoblash va uni to‘lash tartibi belgilandi.
Nizomga ko‘ra, tovon miqdori patent egasining roziligisiz sanoat mulki ob’ektidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan tovarlardan yoki bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlardan olingan tushumlarning 0,5 foizini tashkil etishi belgilandi.
Bundan tashqari, qaror bilan ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan. I reyting guruhi ijrochilari (respublika hududida va uning tashqarisida yakkaxon konsert tashkil etish huquqiga ega) tomonidan o‘zgalarning mualliflik huquqi va turdosh huquqlari buzilishi ularga berilgan litsenziyani bekor qilishga sabab bo‘ladi.
Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasini berish jarayonida intellektual mulk ob’ektlari (tovar belgisi va sanoat namunasi)ga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganini tekshirishning aniq mexanizmi belgilandi.
Tovar belgisini xalqaro Madrid tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun norezidentlardan undiriladigan yakka tartibdagi boj miqdorlari o‘rtacha 3 barobarga kamaytirildi (2025 yil 1 yanvardan kuchga kiradi).
Patent vakili sifatida faoliyatni amalga oshirish yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi.
Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashi a’zolari qatoriga «Intellektual mulk markazi» davlat muassasasining xodimlari kiritilishiga oid norma bekor qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 06.09.2024
- Ko'rishlar: 857
- Chop etish