Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. U davlatimiz rahbarining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida tayyorlandi.
Ushbu hujjat loyihasi bilan O'zbekiston Respublikasining bir qator qonunlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020 yil 4 fevralda o'tkazilgan navbatdagi yalpi majlisida deputatlar tegishli qonun hujjatlariga kiritilayotgan o'zgartish va qo'shimchalarni batafsil ko'rib chiqdilar.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilayotgan o'zgartishga ko'ra, 18 yoshga to'lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsni, agar uning ota-onasidan biri, vasiylikka yoki homiylikka olgan shaxs O'zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asosga ko'ra yashash huquqiga ega bo'lsa, O'zbekiston Respublikasidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish ta'qiqlanmoqda. Deputatlarning fikricha, bu bolalar huquqlarini ta'minlash barobarida, ularni har jihatdan qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Uy-joy kodeksiga ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o'zlari yashab turgan turar joylarni ular Mehribonlik uylariga joylashtirilgan butun vaqt mobaynida bronlashtirish huquqini taqdim etish to'g'risida kiritilayotgan qoida qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi.
Ta'kidlab o'tilganidek, bugun ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar himoyasini ta'minlash borasida ayrim muammolar ko'zga tashlanmoqda. Mazkur qoidaning kiritilishi Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining kelajakdagi hayotini yaxshilash, ayrimlarining ota-onasidan meros qolgan mulk huquqini saqlab qolishda muhim o'rin tutadi.
Soliq kodeksiga kiritilayotgan sudlarga fuqarolik ishlari bo'yicha kiritilgan da'volarni davlat boji to'lashdan ozod qilish tartibi to'g'risidagi qoida ham, deputatlar tomonidan qayd etilganidek, bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadiga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Bundan tashqari, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi Qonunga kiritilayotgan qoida ham mazmun-mohiyati jihatidan dolzarb. U bilan ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to'liq ko'rib chiqish kafolatlanishi, bola to'liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko'rmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmasligi nazarda tutilmoqda.
Albatta, bularning barchasi deputatlar qayd etganidek, yosh avlodning hech kimdan kam bo'lmay voyaga yetishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, deputatlar mazkur qonun loyihasini birinchi o'qishda kontseptual jihatdan ma'qulladilar.
Majlisda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M. Tillaboev, Markaz bo'lim boshlig'i A. Mo'minov, bosh mutaxassis Ya.Kvitkov, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bosh mutaxassisi K.Bekturdiev va O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi katta maslahatchisi X.Xalilovdan iborat Ishchi guruh a'zolari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.02.2020
- Ko'rishlar: 4847
- Chop etish