Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga 2020 yil davomida kelib tushgan murojaatlar bo'yicha M A ' L U M O T

Xisobot davrida Markazga jami 1394 ta (58 ta murojaat ko'rmasdan qoldirilgan) murojaatlar kelib tushgan bo'lib, bu ko'rsatgich 2019 yilga qaraganda 38,3% kamdir.

1336 ta murojaatlar taalluqliligi bo'yicha tegishli idoralarga ko'rib chiqish uchun yuborilgan, shundan 251 ta murojaat bo'yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Murojaatlarning 186 tasi (13,9%) fuqarolardan to'g'ridan-to'g'ri qabul jarayonida, 1150 tasi (86%) aloqa vositalari (asosan pochta aloqa tarmog'i orqali) kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 876 tasi (65,5%) ariza, 454 tasi (34%) shikoyat va 6 tasi (0,5%) takliflardir.

Tahlillarga qaraganda eng ko'p murojaatlar Toshkent shahri – 329 (23,6%);  Qashqadaryo– 225 (16,1%); Toshkent viloyati– 208 (14,9%);va Samarqand – 119 (8,5%) viloyatlaridan kelib tushgan.

Ushbu ko'rsatgich 2019 yil bilan taqqoslaganda Andijon, Namangan, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida murojaatlarning kamayishi, 2020 yilda esa Qashqadaryo viloyati aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarning ko'payishi kuzatildi. 

Murojaatlarning 726 (54,3%) tasi shaxsiy, 539 (40%) tasi ijtimoiy-iqtisodiy, 60 tasi (4,5%) siyosiy va 17 tasi (1,2%) madaniy huquqlarga oid murojaatlarni tashkil qiladi.

Markaz tomonidan ko'rib chiqilgan murojaatlarning 409 tasi surishtiruv va dastlabki tergov organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan, shuningdek qarorlaridan norozilik, 348 tasi fuqarolarning odil sudlovga oid huquqlariga taalluqli murojaatlarni, 201 tasi mahalliy davlat hokimiyati idoralari qarorlaridan, , 172 tasi boshqa davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlarining qarorlari hamda mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan norozilik va 77 tasi sud qarorlari ijrosi bilan bog'liq murojaatlarni tashkil qiladi.

Ma'lumki, O'zbekistonda odil sudlovni O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Jinoyat-protsessual  kodeksi va “Sudlar to'g'risida”gi qonuni talablariga binoan faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi, ularning faoliyatiga aralashish ta'qiqlanadi. Shuningdek, dastlabki tergov va surishtiruv organlarining faoliyati yuqori turuvchi organ hamda prokurorlar tomonidan nazorat qilinishi Jinoyat-protsessual kodeksi va “Prokuratura to'g'risida”gi qonunda mustahkamlab qo'yilgan.

Milliy markaz tomonidan ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida 2020 yil davomida 58 ta murojaat bo'yicha fuqarolarning huquqlari tiklandi, 63 ta holatda fuqarolarga huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda amaliy ko'mak berildi, 251 ta holatda fuqarolarga qonun hujjatlari talablari bo'yicha tegishli huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.     260 ta murojaatda ko'rsatilgan faktlar tasdiqlanmadi.

Bundan tashqari, 2020 yil davomida Milliy markaz tomonidan telefon orqali murojaat qilgan 3300 nafardan ortiq fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.

Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida fuqarolarning sud idoralariga o'zlarining huquqlarini himoya qilishni va buzilgan huquqlarini tiklashni so'rab murojaat qilishlari uchun barcha huquqiy vositalar yetarli darajada deb xisoblash mumkin.

Ya'ni, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga binoan har bir shaxsga o'z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g'ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.

Shuningdek, bu kafolat O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksining 3-moddasi, 23-bobida yanada mustahkamlangan.

Sud tizimining ixtisoslashuvi (jinoyat, fuqarolik, ma'muriy, iqtisodiy) fuqarolarning qaysi huquqlari buzilishiga qarab tegishli sudlarga murojaat qilish huquqini beradi.

Powered by GSpeech